Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shijoatli yoshlar – kelajak poydevori
14:41 / 2020-06-29

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilib, butun ishonchimiz va asosiy suyanchimiz boʻlgan yoshlar taqdiri va kelajagi doimiy davlatimiz eʼtiborida boʻlib kelayotir.


Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilib, butun ishonchimiz va asosiy suyanchimiz boʻlgan yoshlar taqdiri va kelajagi doimiy davlatimiz eʼtiborida boʻlib kelayotir.

Pirovardida mamlakatimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hayotimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Albatta, bu eʼtibor zamirida mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama kamol toptirish, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan, har tomonlama sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassam. Zero, davlatimiz rahbarining: “Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi”, degan fikrlari, oʻylaymanki, har doim yoshlarni yangi marralar sari yana-da ruhlantiradi.

Butun dunyoda globallashuv jarayoni izchil davom etayotgan shu sinovli kunlarda oʻz aql-zakovati, mustaqil fikri bilan oʻzining kimligini, qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini chuqur anglab yetgan, yon-atrofidagi voqealarga daxldorlik tuygʻusi bilan yashayotgan barkamol yoshlarimiz qalbimizga hamisha cheksiz faxru iftixor bagʻishlaydi. Ular safida bugun bepoyon Qizilqum sahrosi bagʻrida biz bilan yonma-yon mehnat qilayotgan shijoatli, matonatli konchilarning yosh avlod vakillari ham borligi quvonarlidir. Albatta, konchilik eng sharafli, shuning bilan birga mashaqqatli sohadir. Negaki, tabiat injiqliklariga qaramasdan, yer qaʼridan maʼdanlarni qazib olish, qayta ishlash har birimizdan yuksak masʼuliyatni talab etadi. Zero, bugun yonimizda shunday shijoatli yoshlar koʻplab topiladi. Ana shunday koʻzi yonib turgan, zamonaviy fikrlaydigan, ilm-fan sirlarini puxta egallagan izdoshlarimiz yetishib kelayotganidan gʻururlanamiz.

Shu oʻrinda, eʼtiborlaringizni quyidagi raqamlarga jalb etmoqchiman. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, hozirda dunyo aholisining 20 foizini, jonajon yurtimizda esa aholining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Bu oʻz-oʻzidan Oʻzbekiston haqiqiy yoshlar mamlakati va ular yetakchi kuch ekanligini tasdiqlaydi. Agarda buni Markaziy kon boshqarmasi misolida tahlil etadigan boʻlsak, hozirgi kunda boʻlinmalarimizda 5,5 ming nafardan ortiq yoshlar mehnat qilayotgani, ulardan 139 nafari turli rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani, mutaxassis kadrlarning 292 nafarini mahalliy kadrlar tashkil etishi yoshlar juda katta kuch ekanligidan dalolat beradi. Shuni taʼkidlash lozimki, joriy yilda 765 nafar fuqaro korxonamiz xodimlari safiga qoʻshilgan boʻlsa, shulardan 164 nafari oʻtgan 2019-yil oliy taʼlim va oʻrta-maxsus kasb-hunar kolleji bitiruvchilari, 413 nafari esa oʻttiz yoshgacha boʻlgan yosh avlod vakillaridan iborat. Ular uchun kombinatimiz va boshqarmamiz rahbariyati tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilib, yosh mutaxassislarni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratib kelinayotgani asta-sekin oʻz mevasini berayapti. Bugun ulkan dastgohlarni, mehnat jamoalarini boshqarayotgan yoshlarga havasimiz keladi.

Oʻsib kelayotgan kelajagimiz egalarining intilishlarini munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, “Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi» mukofoti, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni, shuningdek, innovatsion va kreativ gʻoyalarini namoyon etib kelayotgan yoshlarimiz uchun “Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari” grant tanlovi va shunga oʻxshash koʻplab tanlovlar taʼsis etilgani ularga yangidan-yangi qirralarni ochdi. Shu oʻrinda, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindori Istam Qudratov, Davron Namozov singari shijoatli yoshlar oʻz tengdoshlariga har tomonlama oʻrnak boʻlib kelayotganini alohida taʼkidlash zarur.

Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizning yorqin kelajagi va xalqimizning umidu ishonchi qora koʻzlarimizga bogʻliq. Oʻz navbatida, kelajagimiz egalari ham yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda, mukammal bilim olish va kasb-hunar egallash, shuningdek, xalqimizning orzu-istaklarini amaliy ishlar bilan roʻyobga chiqarishni oʻz oldiga maqsad qilishlari lozim.

Kelajagimiz bunyodkorlari boʻlmish aziz yoshlarni ushbu ezgu yoʻlda yuksak maqsad va marralarga erishish, shonli kombinatimizni yana-da taraqqiy ettirishga qaratilgan ogʻir va mashaqqatli, shu bilan birga, gʻoyat sharafli mehnatini munosib qadrlash uchun biz bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz.

Fursatdan foydalanib, barcha navqiron avlod vakillarini Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Otabek MUSTAQIMOV,
NKMK Markaziy kon boshqarmasi direktori,
Navoiy viloyat Kengashi deputati.