English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shifoxonaning qabulxona bo‘limi foydalanishga topshirildi
17:57 / 2023-11-22

Buxoro viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qabulxona bo‘limi ochildi.

Tibbiyot markazi 225 nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, uning qabulxona bo‘limi salomatligidan shikoyat bilan keladigan bemorlarni qabul qiladi. Ularga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish, kasallik alomatlari aniqlanganda shifoxonaga yotqizish va yuqori darajada davolashni o‘z zimmasiga oladi. Markaz qabulxonasi oldin kichkina, tor bo‘lib, bunda bir pediatr va laboratoriya xizmati joriy qilingandi. Rentgen diagnostika xizmati faqat kunduzi faoliyat ko‘rsatar, favqulodda hollarda yoki ko‘rsatma bo‘lganida, mutaxassis vrachlar chaqirilardi. Ultratovush apparati ham faqat maslahat poliklinikasida mavjud edi.  

Bugunga kelib sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan talabning oshgani, sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib borayotgani tufayli qabulxona kengaytirildi. Qabulxona bo‘limi xizmati tashkil qilindi. Mazkur bo‘limda 2 nafar mutaxassis pediatr bilan birga  jarroh, neonatolog kabi tor doiradagi mutaxassislar, UZI, rentgen, endoskopiya, klinik va bioximik laboratoriya kechayu-kunduz bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan bo‘ldi. Markaz  shoshilinch yo‘nalishida pediatriya, lor, chaqaloqlar xirurgiyasi, neonatologiya, yuz-jag‘ xirurgiyasi yo‘nalishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.  

[gallery-14722]

Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi Respublika bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Toshkent pediatriya instituti va boshqa muassasalar hamda ulardagi mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikda bolalarda uchraydigan turli kasalliklarni samarali davolash, profilaktika ishlarida muayyan muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.  

Hududda ehtiyojmand, kam ta’minlangan va og‘ir sharoitda qolgan oilalar bemor bolalariga konsultativ hamda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida har yili “Ezgulik manzili” va boshqa ko‘rinishdagi xayriya aksiyalari muntazam o‘tkazib kelinadi. Jumladan, shunday xayriya aksiyasi doirasida o‘tgan oylarda 800 ga yaqin bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur davo muolajalari tayinlangan.  

– Ayni kunda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida “intraoperatsion UTT assistensiyasi” usulida operatsiya qilish yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Xushnud Jalilov. – Bu esa viloyatda bolalarga ko‘rsatilayotgan neyroxirurgik xizmat sifatini ham bir daraja yuqori bosqichga ko‘tardi. Muhimi, kichik yoshdagi bemorlarda og‘ir jarrohlik amaliyotidan keyingi reabilitatsiya muddatini qisqarishga va hayot sifatini yaxshilanishiga erishilmoqda. Yil yakunigacha yana yuzga yaqin bolada xuddi shunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazish belgilanmoqda.  

Ahamiyatli jihati, yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalarining hamkorlikda bahamjihat o‘tkazilayotgani texnik jihatdan aniqlik darajasini oshiradi, operatsiya davomiyligini kamaytiradi hamda bemorlarning tez oyoqqa turib, shifoxonadan qisqa muddatlarda chiqib ketishiga xizmat qiladi. Kelajakda ko‘zlangan maqsad esa “neyroendoskopik” operatsiyalarni o‘zlashtirish va uni amaliyotga joriy qilishdir.  

– Markazimiz faoliyati rejali tashkillashtirilgani bois, deylik aynan oshqozon-ichak, o‘pka, lor va boshqa xastaliklar, travmatologik shikastlanishlar bilan og‘rigan bemor bolalar bizga kelishadi, – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkiliy-uslubiy bo‘limi mudiri Elyor Islomov. – Zudlikda keladigan xuddi shu kabi bemorlar odatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga joylashtirilib, tezkor davo muolajalari ko‘riladi. Endilikda mazkur yo‘nalishdagi bemor norasidalar bizda ham shoshilinch qabul qilinadi. Ularga yuqori darajada xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu degani malakali vrach mutaxassislarimiz ko‘magida oyiga 20 yoki 30 ta xuddi shunday bemorga tibbiy yordam bermoqdamiz. Shu yilning o‘tgan davrini olsak, birgina nafas yo‘li bilan bog‘liq o‘ndan ortiq bronxoskopik amaliyot muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari