“Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2022 yil yakuniga qadar 2025 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan majburiy sertifikatlashtirish sharti bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llash va kiritishga ruxsat beriladigan, O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan analoglari mavjud bo‘lmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini tasdiqlash vazifasi yuklatildi.
Bunda, mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlar ularning O‘zbekiston Respublikasida analoglari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab uch oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdan chiqarilishi lozim.
Shuningdek, bemorlarni davolash uchun talab etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning to‘liq shifoxona tomonidan xarid qilinishini inobatga olib, shifoxonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilishini hamda shifoxonalar tomonidan birlamchi zarur bo‘ladigan zaxiraning Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan shakllantirilishini ta’minlash belgilandi.
Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlarning kunlik qoldig‘i hamda narxlari manbalar kesimida shifoxonalarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi hamda muntazam yangilab borilishi lozimligi ta’kidlandi.
O‘zA