Bugun erta tongdan ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi shifoxonalardan biriga yangi tug‘ilgan chaqaloqning tashlab ketilgani xususidagi xabar, aytish mumkinki, barchani larzaga soldi. Muborak ramazon oyida bunday jirkanch ishning amalga oshirilgani, keng jamoatchilikda salbiy fikrlarni uyg‘otdi.
Odamlarga nima bo‘lyapti? Axir, u farzandku. Uni dunyoga keltirgan onaning qanday ko‘zi qiydi ekan, o‘z jigarbandini tashlab ketishga. O‘ta vahshiy hayvon ham hech qachon bolasidan kechmaydi...
Holatga oydinlik kiritish maqsadida holat yuz bergan Qarshi shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘ldik.
Voqea joriy yilning 21-mart kuni sodir bo‘lib, bayram bo‘lgani bois, shifoxonada odam anchagina siyrak bo‘lgan. Shu sababli markazning travmatalogiya bo‘limi va neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi joylashgan ikki qavatli binoning birinchi qavatidagi zina ostida qoldirilgan sumka hech kimning e’tiborini tortmagan. Biroq soat 15 lar chamasida eshitilgan chaqaloq ovozi barchani hushyor torttiradi.

– 21-mart kuni navbatchilikda edim, – deydi navbatchi hamshira Mukarram Ravshanova. – Soat uchlar atrofida edi. Zinaning ostida bolaning yig‘isi eshitilayotganini xabar qilishdi. Pastga tushdik. Ko‘rsak, haqiqatdan ham chaqaloqcha yig‘layotgan ekan. Dastlab, sumkaning ichida boshqa nimadir bormi, deb qo‘rqdik va bolani ololmadik. O‘sha paytda ichki ishlar xodimi kelib qoldi va u kishi bolani sumkadan olib, bizga berdi. Uni ko‘rikdan o‘tkazdik. Qizcha ekan. 4-5 kunlik deb taxmin qildik. Bolaning ahvoli yaxshi edi.
Voqea xususidagi videoda ichki ishlar xodimi sumkani ochib, bolani shifokorlarga taqdim etganini ko‘rish mumkin. Inspektorning o‘zi holat haqida shunday izoh berdi.
– 21-mart kuni soat taxminan 15:30 larda menga tegishli bo‘lgan hududdan murojaat tushgan edi, – deydi G‘uzor tumani “Sherali” MFY profilaktika inspektori Shahboz Sharopov. – Xizmat vazifamni o‘tash maqsadida murojaatni o‘rganish yuzasidan Qarshi shahrida joylashgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga travmatologiya bo‘limiga borgandim. Kirish eshigi yonida ikkinchi qavatga chiqishda 4-5 nafar hamshira turgan ekan. Ular holatni tushuntirishdi. Chaqaloq yig‘isini eshitib qoldim. Unga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida chaqaloqni sumkadan chiqarib oldim va hamshiralarga berdim.
Navbatchi shifokorlar tomonidan chaqaloq birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ammo markaz kattalarga ixtisoslashgan bo‘lib, chaqaloqni bu yerda olib qolishning imkoni yo‘q edi.
– O‘sha kuni navbatchilikda edim, – deydi navbatchi shifokor Shavqiddin Jo‘rayev. – Neyroxirurgiya bo‘limidagi navbatchi hamshiralar tomonidan chaqiriq bo‘ldi. Bo‘limga chiqadigan zinapoya ostida ayol jinsiga mansub chaqaloq qoldirib ketilgani aytildi. Bola palataga olindi. Kerakli tibbiy yordam muolajalar ko‘rsatildi. Qo‘shimcha ozuqalar berildi. U tekshiruvdan o‘tkazilganda chaqaloqda tan jarohatlari aniqlanmadi. Bo‘lgan voqea haqida IIB xodimlariga xabar berildi. So‘ng chaqaloq Ona va bola markaziga sog‘lom holatda yetkazildi.

Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filialiga borib,u yerdagi shifokorlar bilan ham suhbatlashdik.
– Markazimizga bayram kuni soat 19:30 larda ichki ishlar xodimlari chaqaloqni olib kelishdi. Bolani qabul qilib oldik. Chaqaloq alohida e’tiborga olindi,– deydi neonatolog Nargiza Ergasheva. – Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Bolaning vazni uch ming o‘n gramm, bo‘yi 45 santimetr, jinsi qiz bola edi. Umumiy ahvoli yaxshi ekan. Parvarishlash bo‘limiga o‘tkazdik. Keyin barcha hujjatlashtirish ishlarini amalga oshirib, bolani Kitob tuman go‘daklar uyiga olib borib berdik.
Xo‘sh, tug‘iliboq taqdirning shum qismatiga duchor bo‘lgan bu murg‘ak go‘dak kimning farzandi edi, kim uni shifoxonaga tashlab ketdi? Ushbu savollarga izoh olish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati bilan bog‘landik.
– Joriy yil 21-mart kuni Qarshi shahar IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi travmatologiya bo‘limi binosining ikkinchi qavatga ko‘tarilish zinasining tagiga chaqaloq noma’lum shaxs tomonidan tashlab ketilgan, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova. – Hodisa sodir bo‘lgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Chaqaloq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda tug‘ilganiga yigirma kun bo‘lgani, umumiy ahvoli qoniqarli, tanasida tan jarohati belgilari aniqlanmadi. Hozirgi kunda chaqaloq Kitob tumanida joylashgan viloyat bolalar uyiga joylashtirilgan, sog‘lom. Holat yuzasidan hozir Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shiringina farzandidan nega kechgani uni dunyoga keltirgan onaning o‘ziga ayon. Eng achinarlisi, uni tashlab ketishdek mash’um qarorga kelganidir. Har qanday qilmish jazosiz qolmaydi. Bugun yashirincha bolasini tashlab ketib, odamlardan qilmishini berkitgandir. Balki haqiqatda yopiqlik qozon yopiqligicha qolib, javobgarlikdan ham qutilib qolar. Ammo endi u bir umrlik vijdon azobida yashashi tayin.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri