English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shifokorlik – sharafli va mashaqqatli kasb
22:59 / 2023-11-11

Shifokorlik – sharafli va mashaqqatli kasb. Shu bois, insonlar dardiga darmon bo‘lib, ularning sog‘lom hayotga qaytishiga sababchi bo‘layotgan fidoyi tibbiyot xodimlariga xalqimiz hamisha hurmat-ehtirom ko‘rsatadi. Davlatimiz ham ushbu sharafli kasb egalarini ezozlaydi, ardoqlaydi.

Bu ayniqsa, har yili yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadigan Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan takshil etiladigan tadbirlarda yanayam yaqqol seziladi. Bu yil ham mazkur sana mamlakatimizda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda.

Xususan, kuni kecha Prezidentimizning tegishli farmoni bilan el-yurt salomatligini asrash va mustahkamlash yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh tibbiyot xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.  Ushbu rag‘bat va ehtirom  yurtimizda inson qadri, mehnati ulug‘ ekanining yana bir isboti bo‘lib, soha xodimlari g‘ayratiga g‘ayrat, shijoatiga yanada shijoat qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.    

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligida ushbu sana munosabati bilan bir guruh soha fidoyilarini taqdirlashga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati jamoasi, ixtisoslashtirilgan markazlar, respublika davolash muassasalari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda barcha sohalar kabi sog‘liqni saqlash tizimida transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar sifatini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, tibbiyotni xalqchil tuzilmaga aylantirish borasidagi islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini berayotir. Bunda albatta, kasbi va qasamyodiga sodiq shifokor va hamshiralarning ham xizmati beqiyos.  

Tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ana shular haqida so‘z yuritib, bugun yurtdoshlarimiz salomatligini asrash va mustahkamlash yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini munosib rag‘batlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhtaram Prezidentimizning doimiy e’tiboridaligini, har qanday mukofot – bu, avvalo, el-yurt, Vatan e’tirofi, xalq ishonchi ekanini ta’kidladi.

Tadbir yakunida bir guruh tibbiyot xodimlari “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda vazirlikning tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Ular yurtimizda tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish, sohani xalqchil tizimga aylantirish borasidagi islohotlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan nomzodlar orasidan tanlandi.

Mukofotlarni Amrillo Inoyatov tantanali ravishda o‘z egalariga topshirdi.

Tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.

 

Mohigul Qosimova,

O‘zA