Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shifokorlik punkti yangi qiyofada
15:46 / 2026-02-03

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash yo‘lida muhim amaliy ishlar davom etmoqda. Jumladan, tumanning Yangi hayot mahallasida joylashgan oilaviy shifokorlik punktining to‘liq yangilangan binosining ochilish fikrimiz dalilidir.

Binoning ochilishida tuman hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, korxona va tashkilot rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur shifokorlik punktining ta’mirlanishi mahalla aholisining tashabbuskorligi va hamjihatligi natijasida amalga oshirilgani e’tiborga molik. Jumladan, “Tashabbusli byudjet”ning 2025 yilgi mavsumida ushbu tibbiyot muassasasini kapital ta’mirlash loyihasi g‘olib deb topildi.

Shu asosda shifokorlik punkti to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilib, yangi va zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Ta’mirlash ishlari “SOLOENERGY” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilib, ushbu maqsadga 830 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Qurilish-ta’mirlash jarayonida binoning tashqi fasadi to‘liq yangilanib, isitish tizimi zamonaviy talablarga mos holda qayta o‘rnatildi. Shuningdek, ichki xonalar keng va yorug‘ qilib ta’mirlandi, tashqi va ichki pardozlash ishlari yuqori sifat bilan bajarildi.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur oilaviy shifokorlik punktida respublikamizda sanoqli bo‘lgan “Turkiya tajribasi” asosida shoshilinch birinchi yordam ko‘rsatish xonasi tashkil etildi.

Ushbu xona zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanib, aholiga tezkor va samarali xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yanada kengaytirdi. Bu esa turli favqulodda holatlarda fuqarolarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shubhasiz, amalga oshirilgan ishlar mahalla aholisi uchun katta qulaylik yaratib, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yangi bosqichga olib chiqadi. Endilikda mahalla aholisi o‘z hududida zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.