Sayxunobod tumanida aholi salomatligini mustahkamlash va birlamchi tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida izchil ishlar olib borilmoqda. Shu jarayonning amaliy ifodasi sifatida Mustaqillik mahallasida 23-oilaviy shifokorlik punkti (OSHP)ning yangi filiali foydalanishga topshirildi.
Mazkur binoni tumandagi "Usta Ali Hamkor" MCHJ quruvchilari barpo etishdi. Qurilish va jihozlash ishlariga 911 million so‘m yo‘naltirildi. Yangi filial zamonaviy tibbiy uskunalar va dastlabki tibbiy yordam uchun zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.


Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosarlari Shuhrat Boratov va Nodira Mirzayeva ishtirok etishib, ochilish marosimini rasman boshlab berishdi. Shuhrat Boratov nutqida, yangi filial ochilishi mahalla aholisi, ayniqsa bolalar, keksalar va ayollar uchun katta qulayliklar yaratadi degan fikrni bildirgan bo‘lsa, tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Abduvali Shamatov yangi filialning ahamiyati haqida quyidagilarni aytdi:



– Ushbu filialda yaratilgan zamonaviy sharoitlar aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni oson va o‘z vaqtida olish imkonini beradi. Endi fuqarolar profilaktik ko‘riklardan o‘tish, zarur tahlillar topshirish va eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha shifokor maslahatini shu yerning o‘zida olishlari mumkin. Bu yangi poliklinika filiali mahalla aholisi uchun haqiqiy qulayliklar yaratadi va sog‘lom turmush tarzini yuritishda muhim qadam bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri