Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shifokorlar uchun sog‘lomlashtirish markazi
10:10 / 2020-12-22

Xalqimiz salomatligini saqlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bugungi kunda tibbiyot xodimlari uchun har qachongidanda ustuvor vazifasiga aylangan.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida ham davolash-profilaktik, targ‘ibot ishlarini izchillik bilan tashkil etishda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida sog‘lomlashtirish markazi tashkil etildi.  

– Keyingi yillarda mamlakatimizda elimiz sog‘liginini mustahkamlash maqsadida sport-sog‘lomlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, pandemiya davri sifatli ovqatlanish, muntazam gimnastika - jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishning ahamiyati beqiyos ekanligini ko‘rsatdi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Bahodir Sodiqov. –Prezidentimizning 2018 yil 18 dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham 2022 yilga qadar bu kabi profilaktik ishlarni amalga oshirish, aholi jismoniy faolligini rivojlantirish yuzasidan ko‘plab chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Tuman hokimligi ko‘rsatmasi asosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maskanimiz ham qaror ijrosiga hamohangdir. Qaror talablari asosida tibbiyot birlashmasi tarkibidagi barcha bo‘limlarda xodimlarning muntazam ravishda badantarbiya mashqlari, gimnastika mashg‘ulotlarini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Sog‘lomlashtirish markazida tibbiyot birlashmasi ishchi-xodimlarining bo‘sh vaqtlarida sport-gimanastika bilan shug‘ullanishlari uchun alohida trenajyor-zal faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sport-gimnastika trenajyor xonalariga velotrenajyor, yugurish yo‘lakchasi, uch xil mashq bajarish mumkin bo‘lgan tortilish turnigi, boks qopi va qo‘lqopi, gantellar, gimnastika koptogi, mat-to‘shama, o‘zgaruvchan cho‘zilish gimnastik uskunasi, tennis stoli kabi sport anjomlari o‘rnatildi. Buning uchun birlashma kasaba qo‘mitasi hisobidan 13 million 200 ming so‘m mablag‘ sarflandi. Yaqin vaqt ichida esa mo‘’jazgina suzish havzasini ham barpo etish mo‘ljallangan.

Ayni paytda birlashma ishchi-xodimlari ish vaqtidan so‘ng, qulay bo‘lgan fursatda trenajyor-zalda o‘z salomatliklarini mustahkamlamoqda. Bunday salomatlik maskanlari odamlarga tibbiy xizmat qilishga o‘zini baxshida etayotgan tibbiyot xodimlari salomatligini asrashda, qolaversa, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush targ‘ibotini olib borish hamda tibbiy-profilaktika ishlarni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA