Munosabat
Salomatlik inson hayotidagi eng muhim va qadr-qimmatli boylikdir. Salomatligimizni asrab-avaylash, avvalo, o‘zimizga bog‘liq. Shu bilan birga, sog‘ligimizda yuzaga keladigan nuqsonlarni bartaraf etishda salomatlik posbonlari bo‘lgan tibbiyot xodimlarining o‘rni va xizmati beqiyos. Shu bois ham yurtimizda ushbu soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor bilan yondashiladi.
Davlatimiz rahbari 10 noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurib, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiyot muassasalarida xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazib, yig‘ilganlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy tabrikladi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev o‘z munosabatini bildirdi:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrifi chog‘ida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiyot muassasalarida xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiy ta’limni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Qayd etish lozim, so‘nggi yillarda tibbiyot sohasiga 230 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, 187 ta yangi shifoxona va poliklinika qurildi, mingdan ziyod muassasalar rekonstruksiya qilindi. Natijada birlamchi tibbiy xizmat aholiga yanada yaqinlashdi, ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar endi hududlarda ham amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashrif davomida ta’kidlaganidek, tibbiyotdagi raqamli o‘zgarishlar bemorlar uchun qulaylik, shifokorlar uchun samaradorlik, davlat uchun esa shaffoflik va tejamkorlikni ta’minlaydi. Xususan, DMED yagona elektron tizimi, “Elektron retsept”, “Onlayn-shifokor” kabi raqamli yechimlar tibbiyot tizimiga tub yangiliklar olib kirmoqda.
Shu bilan bir qatorda, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror soha xodimlari uchun katta ijtimoiy va ma’naviy rag‘bat bo‘ldi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2026 yildan boshlab har bir tibbiyot xodimi Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan yillik rag‘bat puli oladi. “Eng yaxshi tibbiyot muassasasi” va “Eng yaxshi shifokor” tanlovlari joriy etilib, g‘oliblarga 30 million so‘mdan 500 million so‘mgacha mukofotlar beriladi. 15 yildan ortiq stajga ega xodimlar farzandlarining kontrakt to‘lovlari qisman qoplab beriladi. Uy-joy sotib olishda dastlabki badalning 25 foizi davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, milliy akkreditatsiyadan o‘tgan muassasa xodimlariga 10 foizlik oylik ustama to‘lanadi. Barcha tibbiyot xodimlariga davlat xizmatlari uchun to‘lovlar ikki baravar kamaytiriladi.
Ta’kidlash kerakki, tibbiyot tizimining raqamlashtirilishi va shifokorlar mehnatining qadrlanishi sog‘lom jamiyat barpo etishning eng muhim garovidir. Shunday ekan, deputat sifatida ushbu islohotlarning hayotga tatbiq etilishida faol ishtirok etish bizning ham ustuvor vazifamizdir.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA