Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shifokorlar bilim va malakasini oshirdi
14:37 / 2025-10-15

Andijon viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida bolalarning saraton kasalligiga chalinishining oldini olish, kasallikni samarali davolash, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mutaxassis shifokorlarning bilim va malakasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 maydagi “2025-2030 yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i asosida tashkil etilgan o‘quv seminarda viloyatdagi tibbiyot muassasalarining onkolog va  pediatr shifokorlari, vrach ordinatorlar, Andijon davlat tibbiyot institutining o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Seminar mashg‘ulotlari Respublika Bolalar onkologiya, gematologiya va  immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vrachlar malakasini oshirish, klinik ordinatura va doktorantura bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Hilola Rustamova tomonidan o‘tkazildi. 

– Ming afsuski, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalar o‘rtasida saraton xastaliklari ortib bormoqda, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi Hilola Rustamova. – Ushbu kasallik kelib chiqishining oldini olish, barvaqt aniqlash va samarali davolash masalalari hukumat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalar salomatligini saqlashga qaratilayotgan e’tiborning namunasidir. Jumladan, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori yurtimizda bolalar saratoni kasalligiga qarshi kurashish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarmoqda. 

Seminarda mutaxassis tomonidan ishtirokchilarga bolalar saratonini keltirib chiqaruvchi neyroblastoma, retinoblastoma, nefroblastoma, leykoz va boshqa qator kasalliklarni aniqlash, tashxis qo‘yish, davolash jarayonlari haqida ma’ruzalar o‘qildi. Ushbu xastaliklarni aniqlash, davolash bo‘yicha ilg‘or ish uslublari, xalqaro tajribalar xususida ma’lumotlar berildi.   

Shuningdek, seminar davomida ishtirokchilarning mavzu doirasidagi bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazuvchi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ularning kasallikni aniqlash va samarali davolash bo‘yicha taklif, fikr, mulohaza va xulosalari tinglandi. Amaliy jarayonlar tahlil qilindi. 

Seminar davomida ishtirokchilarning mavzu doirasidagi barcha savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

– Seminar ishtirokchilari bolalar saratoni kasalligi, uni samarali davolash bo‘yicha yangi ma’lumotlar oldi, o‘zaro tajriba almashdi, – deydi Andijon viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limi boshlig‘i Manzuraxon Egamberdiyeva. – Viloyatda mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning bilim va malakasini boyitishga xizmat qilgan ushbu seminar juda foydali o‘tdi. Bu yerda o‘rganganlarimiz, shubhasiz, faoliyatimizni samarali yuritishda qo‘l keladi. 

O‘tkazilgan mashg‘ulotlar bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar taqdim etiladigan bo‘ldi. 

Bu kabi seminarlar respublikamizning barcha viloyatlarida o‘tkazilishi belgilangan. 

F. Ubaydullayev, 

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.