Samarqand viloyatining olis hududlaridan biri hisoblangan Qo‘shrabot tumanida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini ko‘rsatish maqsadida 240 qatnovga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 100 qatnovli 2 ta qishloq oilaviy poliklinikasi va 360 qatnovga mo‘ljallangan 10 ta qishloq vrachlik punkti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tumanda fertil yoshidagi ayollar umumiy aholining 26 foizi (34 ming nafardan ortiq)ni tashkil etadi. 0-18 yoshgacha bo‘lganlar bolalar esa 48 ming nafar (37 foiz). Albatta, ularga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish, salomatligini mustahkamlash va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda qishloq oilaviy poliklinikalari va vrachlik punktlari xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat tushadi. Ammo...
– bugungi kunga qishloq oilaviy poliklinika va vrachlik punktlarimizda 13 nafar umumumiy amaliyot shifokori yetishmaydi, – deydi Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Shamsiyev. – Shu sababli ayni paytda Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini bitirayotgan qo‘shrabotlik yoshlarni tumanimizga ishga taklif qilib, ular uchun munosib sharoit yaratib berishga harakat qilyapmiz. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlarida tumanimiz uchun ajratilgan maqsadli qabul imkoniyatlaridan samarali foydalanyapmiz. Yaqin yillarda tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondirish imkoniyatimiz bor. Ayni paytda Samarqand davlat tibbiyot institutining 20 nafar yuqori kurs talabalari va bitiruvchilari, klinik ordinator hamda magistrlar o‘z yashash hududlariga biriktirilgan bo‘lib, aholini to‘liq antropometriya xatlovidan o‘tkazishda faol qatnashmoqda.
Yaqinda institut professor-o‘qituvchilari, nevropatolog, okulist, terapevt, kardiolog, jarroh, akusher-ginekolog, pediatr, bolalar ortoped-travmatologi, bolalar jarrohi va UTT mutaxassislaridan iborat guruh tumanning uzoq tog‘li hududi hisoblangan Pangat qishlog‘da yashovchi aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ko‘rik davomida 151 nafar katta yoshdagi fuqarolar va 338 nafar maktab o‘quvchilarining salomatligi nazoratdan o‘tkazilib, ularga zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi. Jumladan, ko‘rikdan o‘tgan fuqarolarning 22 nafari statsionar, 151 nafari ambulator davolanishga yo‘llanma oldi. 40-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijasida 104 nafar bolada turli xil kasalliklar aniqlandi.
Respublika sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 27 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini hamda aholiga ko‘rsatilayotgan patronaj xizmatini tubdan yaxshilash to‘g‘risida”gi buyrug‘i talablari asosida bugungi kunda tumanda 62 ta tibbiy brigada tashkil etilgan. Har bir brigadaga 2000 nafar aholi biriktirilib, aholini xonadanma-xonadan xatlovdan o‘tkazish, ularning antropometrik o‘lchovlari – bo‘y uzunligi, tana vazni, tana vazn indeksi, bel aylanasi, arterial qon bosimi, pulsi va saturatsiyasini o‘lchash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar natijasida tumanning “Salomatlik profili” shakllantiriladi.
G‘.HASANOV, O‘zA