Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shifobaxsh mahsulot mo‘l bo‘ladi
12:51 / 2016-03-02

Qoraqalpog‘iston Respublikasida asalarichilikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlash, aholiga sifatli, arzon va servitamin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishga xizmat qilayotir. Xususan, asalarichilik izchil rivojlanib, sohadagi ilg‘or tajribalar ommalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida asalarichilikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda hududda 660 asalarichilik subyekti faoliyat ko‘rsatayotir. 2015-yilda 360 tonnadan ziyod tabiiy, shifobaxsh va arzon asal mahsuloti yetishtirilgan bo‘lsa, Sog‘lom ona va bola yilida bu ko‘rsatkichni 524 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Sohada erishilayotgan yutuqlarda tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kredit mablag‘lari muhim ahamiyat kasb etayotir. Joriy yilda hududda 1,5 milliard so‘mlik kredit mablag‘i evaziga 147 asalarichilik subyektida 2 ming 486 yangi asalari oilasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Nukusda asalarichilikni yuritish va mahsulotlarni sotishning samarali usullariga bag‘ishlab o‘tkazilgan o‘quv-seminarida shular haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi dehqon va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i A.Xudoyberganov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i X.Qaypnazarov va boshqalar asalarichilikni rivojlantirish, undan ekologik toza va salomatlik uchun g‘oyat foydali mahsulot yetishtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara berayotganini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida BMTning Taraqqiyot dasturi asosida sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Malakali mutaxassislar ishtirokida seminarlar o‘tkazilib, Amudaryo, Qanliko‘l va Shumanay tumanlarida 58 dehqon va fermer xo‘jaligiga amaliy yordam ko‘rsatildi, ularga asalarichilik bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratib berildi. Natijada xo‘jaliklarning iqtisodiy salohiyati ortib, o‘nlab yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Seminarda asalarichilik istiqbollari, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish choralari, seleksiya va marketing ishlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

– Biz “Karpat” zotli asalaridan mingta oila parvarishlayapmiz, – deydi Amudaryo tumanidagi “O‘rta qal’a chorvadori” agrofirmasi rahbari Erkin Rasulov. – 14 ishchi mehnat qilayotgan agrofirmada har yili 7-8 tonna shifobaxsh asal yetishtirilmoqda. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini “Asakabank”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialidan olinadigan 40 million so‘mlik kredit mablag‘i hisobiga asalni qayta ishlaydigan uskunalar xarid qilish, kasallik va zararkunandalarga qarshi qo‘llaniladigan dori-darmonlar savdosini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

Seminar ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.