Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shiddatli o‘tayotgan Superliga haqida siz bilgan va bilmagan faktlar
09:43 / 2024-05-15

Xabaringiz bor, kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 7-turi o‘z yakuniga yetdi. Mazkur turda qayd etilgan ayrim statistikalarga e’tiboringizni qaratib o‘tmoqchimiz.

Ushbu turda jami yetti o‘yin o‘tkazildi va ushbu bahslarda 14 ta gol urildi. E’tiborli jihati, mazkur turdagi uchrashuvlarda eng yirik hisob «Lokomotiv» – «OKMK» o‘yinida (0:2) qayd etildi. Eng ko‘p gol esa turning markaziy o‘yini «Neftchi» va «Andijon» bahsida urildi. Uchrashuv 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi.  

Bu yilgi Superligada 8-tur oldidan eng ko‘p gol urgan jamoa 14 ta gol bilan «Navbahor» bo‘lib turibdi. Uning ortidan 13 ta gol bilan «Andijon» ta’qib etmoqda. Eng ko‘p gol o‘tkazgan klub esa turnir jadvalida so‘nggi o‘rinda turgan «Bunyodkor» klubi. Bir vaqtlar dunyo yulduzlari to‘p tepgan poytaxt klubi o‘tgan 7 tur davomida o‘z darvozasidan jami 13 ta to‘p olib chiqdi. Shuningdek, eng kam gol urgan jamoa sifatida ham aynan «Bunyodkor» 4 gol bilan qayd etilgan.  

Milliy chempionatimizda Toma Tabatadze 7 ta gol bilan to‘purarlar ro‘yxatini boshqarmoqda. Zoran Marushich va Shohrux Abdurahmonov esa 4 ta gol bilan ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni band qilgan. Shuningdek, Sardor Rahmonov, Islom Mamatkazin, Dragan Cheran, Lupche Doriyev va Muhammadali Abdurahmonov esa 3 tadan gol urgan holda keyingi o‘rinlarda borayotir.  

Superliga jadvalida 7-turdan so‘ng «Navbahor», «Andijon» va «Nasaf» jamoalari 12 ochko bilan kuchli uchlikdan joy olgan.  

Joriy yilning 18-21-may kunlari tashkil etiladigan 8-tur o‘yinlarida bu safar ham muxlislar «Vodiy derbisi» — «Navbahor» va «Neftchi» klublari bahsiga guvoh bo‘ladi. Aynan ushbu o‘yin turning markaziy uchrashuvi deya e’tirof etilmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA