Milliy gvardiya Namangan viloyati boshqarmasi, Chavandozlar maktabi hamda O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi hamkorligida Namanganda uloq-ko‘pkari musobaqasi tashkil etildi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan hamda Qirg‘iz Respublikasining mohir chavandozlari ishtirok etgan musobaqada hakamlar 55 kilogramm og‘irlikdagi uloqni to‘daga tashlaganidan so‘ng, chavandozlar o‘lja ilinjida ot choptirdi.

Talato‘pdan uloqni ajratib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak, albatta. Otlarning dupuri, chavandozlarning shiddati, bakovulning hayqirig‘i, tomoshabinlarning hayqirig‘iga to‘lgan maydon zavqi tomoshabinlarni lol qoldiradi.

Haqiqatdan to‘da-to‘da otlarning pishqirishi, qamchining havoda aylanishi, “ha, halolla azamat” deya bakovullarning shiddati chavandozlarga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi.

Bahslarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan chavandozlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Mazkur tadbir milliy sportimizni keng targ‘ib qilish, bahodir chavandozlar o‘rtasida mardlikni, jasurlikni, shijoatni oshirishga xizmat qildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.