Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT)ning Toshkentdagi qarorgohida Tashkilotning yangi a’zosi – Eron Islom Respublikasi bayrog‘i ko‘tarilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Davlat Xavfsizlik xizmati mas’ul shaxslari, SHHTga a’zo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlarning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari, a’zo davlatlarning MATT tarkibidagi doimiy vakillari ishtirok etdi.
Marosimni ochaib berarkan, SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev, jumladan, shunday dedi:
– Hozirgina biz videokonferensiya aloqa vositasi yordamida SHHTga a’zo mamlakatlar rahbarlarining Eron Islom Respublikasini Tashkilotimizga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi tarixiy qaroriga guvoh bo‘ldik. Bundan buyonSHHTning zumrad-havo rang bayrog‘i yonida “Shanxay ruhi” birlashtirgan 9 davlat tug‘i mag‘rur hilpiraydi. Fursatdan foydalanib, men barcha a’zo mamlakatlarni jipslik va o‘zaro ishonchga asoslangan ezgu an’analarimizni davom ettirish va yanada rivojlantirishga, birgalikda Tashkilotimizning mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi rolini, ahamiyatini bundan ham kuchaytirishga hissa qo‘shishga chaqiraman.
[gallery-12587]
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov o‘z chiqishida tuzilmaning yangi a’zosi bayrog‘i ko‘tarilishiga bag‘ishlangan anjuman Tashkilot tarkibidagi davlatlar kuchli ishtiyoq bilan taraqqiyotning yangi bosqichi sari dadil odimlayotganini barchaga yaqqol namoyon etishini ta’kidladi.
–SHHT Xartiyasi va Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga tayanib ish ko‘radigan mamlakatlarimiz o‘zaro ishonch, tenglik, maslahatlashuv, rang-barang sivilizatsiya va tamaddunlarni hurmat qilishga asoslangan “Shanxay ruhi”ga, shuningdek birgalikda taraqqiy etish tamoyiliga og‘ishmay amal qiladi, – deya ishonch bildirdi diplomat.
G‘.Xonnazarov, M.Amin (surat), O‘zA