15-16 sentyabr kunlari bugun dunyo hamjamiyatining nigohi O‘zbekistonda bo‘ldi. Samarqand shahri yirik siyosiy xalqaro tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga mezbonlik qildi. Samarqandning boy tarixiy merosi SHHTning navbatdagi sammiti fonida yangi to‘lqinga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq va maqbul yo‘l, bu – samarali xalqaro hamkorlik ekanligini ta’kidlagan holda, «muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli»ni e’tirof etdi.
Ushbu model negizida ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblangan SHHT hamjamiyati turibdi. Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi esa mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surish hisoblanadi. Shu sababli SHHT faoliyatiga qo‘shilish istagida bo‘lgan davlatlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Agar O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi faoliyatiga e’tibor qaratsak, «har birimiz kuchli bo‘lsakkina, SHHT kuchli bo‘ladi», degan shior ostida tadbirlar ko‘rilganiga guvohi bo‘lamiz. Chunki amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosat bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy jarayonlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda.
Prezidentimizning «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» sarlavhali maqolasini o‘qib, «Samarqand ruhi» to‘g‘risida bildirgan fikrlari e’tiborni tortadi.
«Shanxay ruhi» ushbu tashkilot Xartiyasida yozib qo‘yilgan prinsiplarda o‘z aksini topgan. Xususan, uning asosiy prinsiplaridan biri – uchinchi bir davlatlarga qaratilmagani, ikkinchisi – o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish, inobatga olish va teng huquqlilik bo‘lsa, uchinchisi – qaror qabul qilishda konsensus tartibiga amal qilish hisoblanadi.
«Samarqand ruhi»da esa maqolada ta’kidlanganidek, tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. «Samarqand ruhi» degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin.
Boz ustiga, Yangi O‘zbekistonning faol diplomatiyasida Samarqand mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda shaharda qator yirik forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu platformalardan olingan turtki SHHT makonining yadrosi bo‘lgan Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi formatlarining shakllanishiga xizmat qilgani holda yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va ochiqlik muhitida mintaqaviy hamda global rivojlanishning dolzarb masalalari muhokamasini ko‘zda tutadigan «Samarqand ruhi»da o‘zining yaqqol ifodasini topgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevroosiyo mintaqasida joylashgan, ayni paytda nufusi jihatidan dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan mamlakatlar rahbarlarining bir doirada jamlanishi, aytish mumkin bo‘lsa, bugungi global, geosiyosiy ziddiyatlar avjiga chiqqan va har qanday istiqbolni oldindan taxmin etish tobora qiyinlashayotgan bir davrda o‘z aktualligi bilan barchaning diqqat-e’tiborida turgani, shubhasiz.
Zero, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotini tushkunlik girdobiga tashladi. Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini yanada keskinlashtirdi, narx-navoning ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Boz ustiga, iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi insoniyatni xavotirga solib qo‘ydi. Bunday paytda faqat hamkorlik, konstruktiv muloqot va o‘zaro manfaatlarni hisobga oladigan ko‘p tomonlama hamkorlikkina vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li bo‘la oladi. Inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar katta yoki kichikligidan qat’i nazar, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni hamjihatlikka qaratishlari lozim. Zero, bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omili samarali hamkorlik, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul yo‘l hisoblanadi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti mana shunday ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamda xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimida tobora muhimroq ahamiyat kasb etib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmadir. 1996-1997 yillari «Shanxay beshligi» nomi bilan tashkil etilgan hamda 2001 yili O‘zbekistonning a’zo bo‘lib kirishi bilan «Shanxay hamkorlik tashkiloti» nomini olgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
E’tiborlisi, O‘zbekiston tashkilot doirasida aniq va amaliy tashabbuslarni ilgari suryapti. Aytaylik, O‘zbekiston rahbarining transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va «yashil iqtisodiyot» kabi muhim yo‘nalishlardagi tashabbuslari amalga oshsa, SHHT doirasidagi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bir necha baravar yuksaladi, tashkilotning imiji va obro‘-e’tibori ham yanada ortadi.
SHHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi. Chunonchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi: Prezident farmoni bilan Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi, Tashkilotga a’zo davlatlar temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, Samarqandda «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti barpo etildi. Bu esa, o‘z navbatida, poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qo‘shimcha sifatida O‘zbekistonning ayni jabhadagi ahamiyatini yanada kuchaytirdi.Shunisi e’tiborliki, tashkilotga raislik dunyoga ochilayotgan O‘zbekistonga o‘zini yangi formatda namoyon etish imkoniyatini berdi. Xususan, O‘zbekiston nafaqat ko‘p tomonlama kooperatsiyani mustahkamlash, balki har bir davlat bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish tajribasiga ega bo‘ldi.
Shu o‘rinda yana bir jihatga alohida e’tibor qaratish joiz. O‘zbekiston mintaqada tinchlikni saqlash borasidagi tashabbuslarning doim oldingi saflarida bo‘lib kelgan. Ayniqsa, bugungi zamonaviy dunyoda hamon notinchlik saqlanib qolayotgan Afg‘on muammosi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Aytish o‘rinliki, davlat rahbarlari, SHHT yig‘ilishida Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni keng muhokama etdilar. Chunki ushbu davlatda tinchlik o‘rnatish SHHTning barcha a’zolari uchun strategik masaladir. Sammit – ushbu muammoni muhokama qilish uchun juda qulay diplomatik platforma bo‘ldi. Xususan, Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlar, jafokash afg‘on xalqiga har tomonlama yordam va ko‘mak berishni kuchaytirish fikrida barcha davlatlar sobit qoldi.
Shubhasiz, Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozim.Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Трансafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, SHHTning Samarqand sammiti o‘zbek diplomatiyasining, tashqi siyosatining yana bir yutug‘i bo‘ldi. Zero, istiqbolimizning o‘tgan davrida hech qachon mamlakatimizda bunchalik ko‘p – 14 davlatning rahbari bir davraga muzokara va fikrlashuv uchun yig‘ilgan emas. Hech qachon SHHT doirasida rekord darajada – 44 ta bitim imzolangan emas. Bu, hech shubhasiz, davlatimizning xalqaro miqyosda obro‘-e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.
Toshpo‘lat MATIBAEV,
Sotsiologiya fanlari doktori, professor