Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHTning Samarqand sammiti: bunyodkorlik yo‘lidagi tashabbuslar va oqillik tamoyillari
20:15 / 2022-09-15

Ayni kunlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi oldidan tashkilot faoliyati va yo‘nalishlari, o‘zgarmas tamoyillari to‘laqonli tahlil qilingan holda ochib berilgan «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» nomli maqolasi e’lon qilindi.

Maqola va unda ilgari surilgan fikr va mulohazalarni o‘qib, shunga amin bo‘ldikki, haqiqatda bugungi dunyoning shiddati nihoyatda uchqur va unga mos o‘zgarishlarga insoniyat muhtojlik sezmoqda. Dunyo jamoatchiligining nigohini o‘ziga qaratayotgan O‘zbekiston bugun juda katta yana bir nufuzli tadbirni o‘tkazishga bel bog‘lagan va ko‘plab davlatlar rahbarlari ishtirokida o‘tadigan zalvorli bir tadbirga mezbonlik qilmoqda.

Ma’lumki, bugun O‘zbekistonda bunday nufuzli tadbirning o‘tkazilayotgani, unda dunyoning eng qudratli mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlarining ham ishtirok etayotganligi – O‘zbekistonning obro‘si naqadar yuksalib borayotganligini, uning manfaatlari tan olinayotganligi, xalqaro maydondagi imiji yuksalib borayotganini ko‘rsatib turibdi.

Prezidentimiz O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos «tarixiy evrilish» pallasiga to‘g‘ri kelganligini ta’kidlagan edi, eng asosiysi, zamonaviy dunyoda «bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda.

Juda ko‘plab masalalar qatorida, bir holat chuqur e’tiborimizni tortdiki, bu ham bo‘lsa Prezidentimiz tomonidan alohida e’tirof etilgan mavzu «global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda.

Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

Alohida qayd etishimiz lozimki, Prezidentimiz tomonidan tilga olingan, e’tirof etilgan yuqoridagi muammolarning yechimi esa ilm-fandir. Ushbu sohani rivojlantirishga qaratilayotgan davlat siyosati esa bugungi kunda mamlakatning innovatsion taraqqiyotini ta’minlash mas’uliyatini olgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, iqlim o‘zgarishidan tortib, nafaqat mamlakatimizda, balki butun jahonda tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining yechimi ham aynan ilmdir. bugungi kunda mamlakatimizda va yon atrofimizdagi davlatlarda istiqomat qilayotgan aholi sonining ortib borishi, ularning oziq ovqat va boshqa resurslarga bo‘lgan talabini keskin orttirib yubormoqda. Ahvolning bunday davom etishi Markaziy Osiyoda nafaqat demografiya bilan bog‘liq vaziyatni taranglashtirib qo‘yishi, balki, ularni dastlabki hayotiy manbalar bilan ta’minlash muammosini ham keskinlashtirishi tabiiy.

Ammo, bu muammolarning yechimi albatta mavjud. Ilm-fanni, innovatsiyani rivojlantirish orqali barcha sohalardagi muammolarga yechim topish mumkin. Prezidentimizning «Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas», degan so‘zlari esa nafaqat muammolarning yechimini ko‘rsatib berishi, balki, dunyo hamjamiyatini ezgulik yo‘lida birlashishga chaqiriq ekanligini alohida e’tirof etmoq lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi» degan shiori, bu barcha mamlakatlarga nafaqat chaqiriq ekanligi, balki ularni birlashishi, sohalar taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratishi uchun katta hayotiy taklif ekanligini ham e’tirof etmoq lozim.

Samarqand shahrida boshlangan bunday nufuzli tadbir O‘zbekistonning kuchiga kuch, qudratiga qudrat, salohiyatiga salohiyat bag‘ishlashi tayin. Chunki dunyodagi yetakchi davlat hisoblanmish Xitoyning, Hindistonning, Rossiya, Pokiston va boshqalarning tashkilot a’zosi sifatidagi ishtiroki, shuningdek, ushbu Sammitga mehmon sifatida tashrif buyurayotgan ko‘plab mamlakatlarning rahbarlari tashrifi butun dunyoning e’tiborini O‘zbekistonga jalb qilmoqda.

Eng muhimi, dunyoda murakkabliklari-keskinliklar tobora ortib borayotgan, xalqaro huquq me’yorlari turli yo‘llar bilan buzilayotgan, dunyo tartibotida va arxitekturasida keng tiktonik o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bir davrda O‘zbekistonga dunyoning ko‘plab yetakchilarining tashriflari davlatimizning qudratini yana bir bor namoyon etmoqda. Zero, uzoq yo‘lga chiqqan karvon, o‘z karvonboshisi bilan buyuk manzillarni zabt etajak.

Usmonjon Bo‘tayev,

O‘zMU Fuqarolik jamiyati va huquq 

ta’limi kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori, dotsent