Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHTning Samarqand forumi – globallashuv davrida taraqqiyotning yangi burilish nuqtasi sifatida
11:19 / 2022-09-14

Demokratik jamiyatlar va davlatlar o‘z taraqqiyot formulasiga yillar davomida erishadi. Tashqi siyosat imkoniyatlaridan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish strategik rivojlanishining muhim omili hisoblanadi.

Globallashuv va zamonaviylik munosabatlari kundan-kun yangicha qiyofa kasb etib borayotgan dunyo mamlakatlariga qurolli xavf-xatarlardan ko‘ra g‘oyaviy va siyosiy mazmundagi tahdidlarning ta’siri yuqori. 

Bunday jarayonlarning oldini olishda Yangi O‘zbekiston o‘ziga xos g‘oyaviy immunitet va konstruktiv hamkorlik yo‘lidan bormoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda e’lon qilingan«Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» nomli maqolasi bugungi dunyo siyosiy va harbiy hayotining real voqeliklari tahlili hamda taraqqiy etgan davlatlarning o‘zaro munosabatlarini rivojlantirishning kelajakdagi o‘ziga xos prognoziga bag‘ishlangani bilan xalqaro tashkilotlar, siyosatdonlar va ko‘plab nufuzli nashrlar e’tiboriga tushdi.

Ma’lumki, mamlakatimiz SHHTga 2001 yilda a’zo bo‘ldi va kun sayin ushbu tashkilotda muhim va muqim o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Buning isbotini SHHTning asosiy organlaridan biri bo‘lgan, 2004 yil 1 yanvardan faoliyat yurita boshlagan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Toshkent shahrida joylashganligidan ham anglash qiyin emas. 

MATT zimmasiga axborot almashish, chegara va bojxona qo‘mitalarining, maxsus xizmatlarning hamkorligini muvofiqlashtirish, shu orqali terrorizmning oldini olish vazifasi yuklangan. SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 2004 yil 17 iyunda Toshkentda o‘tgan majlisida Tashkilotning shakllanish davri yakunlangani qayd etilib, yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi, SHHT vakolatlari va immunitetlari to‘g‘risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir qator hujjatlar imzolangani Tashkilot rivojida O‘zbekistonning o‘ziga xos maqomini ko‘rsatadi.

Tashkilotning Sankt-Peterburgda o‘tgan 2-sammitida (2002 yil iyun) ustav hujjati – SHHT Xartiyasiga imzo chekildi. SHHTning oliy organi – Davlat boshliqlari kengashidir. SHHT faoliyatida O‘zbekiston raislik qilgan davrlarda erishilgan yutuqlardan biri – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009 yil 18 dekabrda konsensus asosida SHHT va BMT o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilinishidir. E’tiborga molik tomoni – ushbu rezolyutsiyaga SHHTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikistondan tashqari Pokiston va Dominikan Respublikasi ham hammualliflik qilgan.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat SHHT misolida, balki dunyo mamlakatlarining o‘zaro manfaatlar va maqsadlar asosida birlashuvini nazarda tutgan holda, yangicha rivojlanish, iqtisodiy hamkorlikning milliy hamda tarixiy konsepsiyasi sifatida baholanmoqda.

Davlatimiz rahbarining maqolasida bugungi davlatlar siyosiy tizimidagi o‘zgarishlar va xalqaro hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan bir qator yangicha mazmun kasb etuvchi fenomenlar qo‘llanilganini alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim.

Birinchidan, «Tarixiy evrilish» globallashuv davrida ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning yangi, ko‘z ilg‘amas hodisalar majmui sifatida talqin etili.

Ikkinchidan, «Bloklarga mansublik stereotipi» tushunchasi zamirida harbiy tashkilotlarning xavfi har qanday davlatlar va jamiyatlarga kutilmaganda, ta’sir o‘tkazishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.

Uchinchidan, «Samarali xalqaro hamkorlik» davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan ko‘rinishi tarzida izohlandi. Zero, bugungi kunda davlatlararo munosabatlar murakkablashib borayotgani aynan konstruktiv muloqot va o‘zaro ishonch muhiti yo‘qligidir.

To‘rtinchidan, «Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli» tushunchasi bevosita SHHTga a’zo mamlakatlarning manfaatlari va qarashlari bilan bog‘liq tuyulsa-da, uning siyosiy mazmuni barcha mamlakatlar bilan, xususan, chegaradosh davlatlarning yangicha mexanizmi sifatida baholanadi.

Beshinchidan, «Samarqand ruhi». Jahon mamlakatlarida o‘zining tarixiy o‘rni va siyosiy munosabatlarini o‘zgartirishda aniq va maqsadli ta’sir nuqtai nazaridan poytaxtlarning, tarixiy va mashhur shaharlarning o‘rni muhim bo‘lgan. Jumladan, dunyoda tinchlik shahri sifatida Parij, xalqaro tashkilotlarning asosiy markazi sifatida Bryussel va hokazo shaharlar mavjud. Shunga ko‘ra, bugungi dunyo taraqqiyotining yangi nuqtalarini belgilashda hamda siyosiy munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini ochib berishda tarixiy va hamisha navqiron Samarqandning bobokalonimiz Amir Temur davridagi maqomi qayta tiklanishi, uning hozirgi globallashuv zamonida siyosiy, iqtisodiy rivojlanishni anglatuvchi yangicha fenomen sifatida tarixga kirishi muqarrar. 

Zotan, «Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast» deb ta’riflangani, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur «Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Beshinchi iqlimdindur. Tuli ramzi nujumiy daraja va daqiqadur, arzi daraja va daqiqadur...» deya e’tirof etgani bejiz emas.

Yer kurrasidagi joylashuv o‘rni ham o‘ziga xos va kamyob bo‘lib, o‘z davrida buyuk olim Mirzo Ulug‘bekning avlodlarga bebaho astronomik manba bo‘lib kelayotgan «Ziji Ko‘ragoniy» asari ham aynan Samarqandda yaratilgani tahsinga sazovor.

SHHT davlatlari o‘zaro munosabatlarda «Shanxay ruhi» tushunchasiga amal qiladi. Bu ibora asosida qarorlarni konsensus tarzda qabul qilish, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikka hurmat bilan yondashish, birgalikda taraqqiy etishga intilish tamoyillariga qat’iy amal qilish jihatlari mujassam. 

Prezidentimiz ushbu tushunchani to‘ldirib, uning mantiqiy davomi sifatida «Samarqand ruhi» degan noyob fenomenni qo‘llaganligi qator xalqaro siyosiy ekspertlar tomonidan yuksak baholandi.

Zero, kuchli davlatlarning siyosiy nufuzi ularning katta tarixiy rivojlanishga qo‘shgan kichik hissasidan boshlanadi.



Foziljon Otaxonov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi

Qonunchilik muammolari va parlament

tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor