Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining 18-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov onlayn ishtirok etdi. Mazkur vazirlik axborot xizmati ma’lum qilishicha, videokonferensiyada Hindiston madaniyat vaziri Arjun Ram Megxval, Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aktotы Raimkulova, Xitoy madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Chjan Syuy, Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Kayrat Imanaliyev, Pokiston Islom Respublikasi milliy meros va madaniyat vaziri Shafkat Mahmud, Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirining o‘rinbosari Olga Yarilova, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Zulfiya Davlatzoda hamda SHHT bosh kotibi Vladimir Norov ishtirok etdi.
Muloqot davomida bir necha masala ko‘rib chiqildi.
Xususan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘zaro madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari masalalari muhokama etilib, davlatlararo madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lgan madaniy muhit yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari fikricha, 2021 yil ushbu tuzilma tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan SHHTga a’zo davlatlar doirasida “Madaniyat yili” deb e’lon qilinganligi ishtirokchilar tomonidan ma’qullandi.
Barcha ishtirokchilar bu tashabbusning davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarning mustahkamlanishiga zamin bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Qolaversa, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish, xalqaro ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiyalar, forumlar, festivallar tanlovlar, madaniyat kunlari kabi tadbirlar doirasida ijodiy jamoalar, milliy ijrochilarni jalb etish kerakligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston ko‘p qirrali savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi harakatlarni qo‘llab quvvatlashini ta’kidlab, pandemiya davrida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida teatr, muzey, musiqa va kino sohasida hamkorlikda onlayn loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
O.Nazarbekov uchrashuv ishtirokchilarini mamnuniyat bilan 2021 yil 14-15 sentyabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyasi chorrahasida” madaniyat forumiga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yirik madaniy tadbirlarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlab, teatr muzey va kutubxona sohalarida qo‘shma onlayn loyihalarni faol rivojlantirishni davom ettirishga kelishib oldi.
SHHTga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining navbatdagi
uchrashuvini 2022 yilda o‘tkazish belgilandi.
N.Usmonova, O‘zA