Poytaxtimizdagi Xalqaro anjumanlar saroyida 24 iyun kuni “O‘zbekiston energetika forumi – UEF 2022” doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar energetika vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Forumda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston energetika sohasi yetakchilari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz energetika vaziri o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev anjuman qatnashchilariga O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
— bugungi kunda har qanday mamlakat oldida bir tomondan ishlab chiqarish hajmini doimiy ravishda ko‘paytirish zarurati, ikkinchi tomondan iqlim o‘zgarishi jarayoni bilan bog‘liq ulkan muammolar paydo bo‘lmoqda, — dedi Azim Ahmadxo‘jayev. — Boshqacha aytganda, butun insoniyat zimmasiga g‘oyat jiddiy vaziyatdan chiqishning maqbul yo‘llarini qidirish vazifasi yuklanyapti. Ya’ni, toza va barqaror energiyaga o‘tishni ta’minlash har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda energetika sohasi uchun mas’ul rahbarlar yig‘ilishida ushbu mavzu muhokama qilinayotgani bejiz emas. Zero, “yashil” energetikaga o‘tishning samarali usullarini topish global masalaga aylangan.
Uchrashuv yakunida qabul qilingan bayonnomada SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida energetika sohasida hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Harakatlar rejasi” hamda SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha hamkorlik loyihasi tasdiqlandi.
Mazkur reja SHHT doirasida energiya xavfsizligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va gidroenergetika, mintaqaviy elektr energiyasi bozori, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni o‘z ichiga oladi.
SHHTga a’zo davlatlarning qayta tiklanuvchi energetika bo‘yicha hamkorligi dasturi ayni sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ilm-fanni rivojlantirish, yashil energetikani rag‘batlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari salmog‘ini oshirish, issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish, shuningdek, atrof-muhitga nisbatan antropogen yukni kamaytirish, energiya xavfsizligi va ta’minoti ishonchliligi darajasini oshirishni nazarda tutadi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, Nosirjon Haydarov, O‘zA