Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining oʻn beshinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy sud raisi K.Komilov rahbarligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Qozogʻiston Respublikasi raislik qilgan yigʻilish videokonferensaloqa shaklida oʻtkazildi. Unda Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Oʻzbekiston kabi davlatlar Oliy sudlari raislari va sudyalari, kuzatuvchi mamlakatlar – Afgʻoniston, Belarus, Eron, Mongoliya Oliy sudlari raislari, shuningdek, SHHT Bosh kotibi V.Norov va YEXHTning odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili va koordinatori V.Richi qatnashdi.
Tomonlar Oliy sudlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, doʻstlik va yaqin qoʻshnichilik, oʻzaro anglashuv va ishonch asosida amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
SHHT Xartiyasi, tashkilotga aʼzo davlatlarning uzoq istiqbolga moʻljallangan yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda SHHTni 2025-yilgacha rivojlantirish strategiyasiga muvofiq mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash tamoyillari roʻyobga chiqarilmoqda.
Oliy sudlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlik fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi birgalikdagi faoliyatni yana-da takomillashtirish, adolat, qonuniylik va huquq-tartibotini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi kurashda tashkilotga aʼzo davlatlarning birdamligi va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashining yuqori darajasi “Shanxay ruhi” namoyon boʻlishining yorqin namunasidir.
Tadbirda SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining qonun ustuvorligi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda ushbu sohada tajriba almashish borasidagi hamkorligini yana-da faollashtirishga qaratilgan qator dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Ishtirokchilar sudlarning konstitutsiyaviy qadriyatlarni targʻib qilish, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi davrida huquqiy munosabatlarni hal qilishdagi rolini yana-da oshirish zarurligi toʻgʻrisida kelishib oldi.
Inson huquqlarini himoya qilish jarayonida insonning majburiyatlariga eʼtibor qaratish muhimligi masalasi ham uchrashuv kun tartibidan oʻrin oldi.
SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi tijorat nizolarini hal etish mexanizmini takomillashtirish, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va sudlarda korrupsiya xavfining oldini olishga eʼtibor qaratildi. Zamonaviy sudlov tizimini raqamlashtirishning vazifa, tamoyil va huquqiy jihatdan tartibga solinishiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, jinoyat qonunchiligini insonparvarlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar va uni qoʻllash amaliyoti ham muhokama qilindi.
Oʻzbekiston tomoni ishtirokchilarni mamlakat sud-huquq tizimidagi islohotlarning istiqbollaridan biri, yaʼni dastlabki tinglov bilan tanishtirdi. Shu bilan birga, maʼmuriy sud ishlarini yuritishning xozirgi holati va rivojlanish istiqbollari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini kuchaytirish orqali investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha maʼruza taqdim etildi.
SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining oʻn beshinchi yigʻilishi toʻliq oʻzaro anglashuv ruhi va doʻstona muhitda oʻtdi. Yigʻilish yakuni boʻyicha qoʻshma bayonot qabul qilindi.
Bayonotda COVID-19 pandemiyasi sharoitida sudlar sudga tashrif buyuruvchilarning hayoti va sogʻligʻi, xavfsizligini taʼminlagan, shuningdek, vakolatli davlat idoralari tomonidan joriy etilgan ijtimoiy masofani saqlash kabi sanitariya-epidemiologik tamoyillarga rioya etgan holda sud himoyasini amalga oshirishning maqbul yoʻlini topish shartligi qayd etilgan. Shuningdek, tomonlar COVID-19 pandemiya sharoitida va koʻp tomonlama oʻzaro tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
SHHTga aʼzo davlatlarning Oliy sudlari kelgusida ham sudlarning mustaqil va samarali faoliyatiga taʼsir koʻrsatadigan sud tizimidagi korrupsiyani bartaraf etish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini taʼkidladi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar taʼsiri kuchayib borayotgan bugungi kunda sudlarning mustaqilligini mustahkamlash maqsadida sudlar toʻgʻrisida maʼlumot olish, ularning faoliyatini xolis yoritish, yangi axborot manbalaridan foydalanish, tushuntirish ishlari va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish juda muhim. Eng asosiy vazifa - odil sudlovga nisbatan noqonuniy bosim oʻtkazish, jamoatchilik fikrini chalgʻitish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sud hokimiyatini obroʻsizlantirish kabi holatlardan himoya qilishdan iborat.
Ota-onalik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda sud amaliyotidagi muammolarni muhokama qilarkan, uchrashuv ishtirokchilari ushbu sohada, bola huquqlarini sud tomonidan himoya qilishni taʼminlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan odil sudlov modeli amaliyotini hisobga olgan holda oʻzaro tajriba almashish zarurligini taʼkidladi.
Dunyo va mintaqada migratsiya jarayoni faollashayotgani noqonuniy migratsiya jarayonida inson huquqi va erkinliklarini taʼminlashda sud hokimiyatining rolini yana-da oshirishga eʼtibor qaratildi. Imzolangan yakuniy bayonotga muvofiq SHHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining navbatdagi yigʻilishi 2021-yilda Qirgʻiziston Respublikasida oʻtkaziladi.