Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHTda Afg‘onistondagi vaziyat hamon dolzarb masala bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi
11:12 / 2022-09-15

Afg‘onistondagi vaziyat SHHT uchun hamon dolzarb masala bo‘lib qolmoqda, shu bois tashkilot Afg‘onistonda tinch hayotni barpo etish sa’y-harakatlarida ishtirok etishga tayyor, deb bayonot berdi Rossiyaning SHHT Kotibiyatidagi doimiy vakili Natalya Stepkina jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Stepkinaning aytishicha, "SHHT tashkilot sifatida birinchi navbatda Afg‘onistonda aholi uchun tinch hayot sharoitlarini ta’minlay oladigan barcha etniksiyosiy kuchlardan tashkil topgan reprezentativ va inklyuziv hukumat shakllanishi tarafdori".

Avvalroq O‘zbekistonning SHHT milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov Afg‘oniston SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etmasligini, tashkilot ushbu mamlakat bilan vaqtinchalik rasmiy aloqa olib bormayotganini ma’lum qilgan edi. Nurimbetovning ta’kidlashicha, SHHT xalqaro tashkilot sifatida Afg‘onistonning avvalgi hukumati bilan rasmiy aloqada bo‘lgan, biroq ushbu hukumat 2021 yil avgustda faoliyatini to‘xtatgan.

SHHT sammiti 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi.

SHHT xalqaro tashkilot bo‘lib, 2001 yilda tashkil etilgan. Tashkilotga O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston mamlakatlari a’zo hisoblanadi.

Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston tashkilotda kuzatuvchi mamlakatlar hisoblanadi. Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya, va Shri-lanka esa tashkilotga hamkor-mamlakatlar hisoblanadi.

SHHTning 2021 yil sentyabrda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan sammitida Eronni tashkilotga a’zo qilib olish hamda Misr, Qatar, Saudiya Arabistoniga tashkilot bilan muloqot bo‘yicha hamkor mamlakatlar maqomi berilishi jarayoni boshlangandi. Joriy yilda esa Belarus SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza bergan.