Pekin shahridagi SHHT Kotibiyatida Butunxitoy yoshlar federatsiyasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Yoshlar kengashining XVIII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz delegatsiyasi nomidan Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova ishtirok etdi.
Yig‘ilishda SHHTga a’zo davlatlarning yoshlar harakati yetakchilari o‘z mamlakatlarida yoshlarga oid amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va hamkorlik masalalarini yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Tadbirda Yoshlar kengashi SHHT mamlakatlarida yoshlar siyosatini amalga oshirishda muhim platforma ekani ta’kidlandi. Kengash faoliyatini “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida yanada faollashtirish va tashkilotga a’zo mamlakatlar yoshlari o‘rtasida do‘stona hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, D.Kattaxonova ishtirokchilarni mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirib, SHHT mamlakatlari bilan bir nechta yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga doir takliflarni bildirdi.

Jumladan, yoshlar tadbirkorligini kengaytirish, startap va zamonaviy kasbga yo‘naltirish, TOP universitetlar bitiruvchilari hamjamiyatini shakllantirish, yoshlar orasida vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi media kontent yaratish kabi yo‘nalishlar xususida to‘xtaldi.
Yig‘ilish yakunida SHHT Yoshlar kengashiga raislik Xitoy Xalq Respublikasidan Qirg‘iz Respublikasiga topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA