Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHT: turizm va madaniy meros sohasidagi hamkorlik yangi bosqichda
20:06 / 2022-05-20

Toshkentda 20 may kuni “SHHTda hamkorlikning yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida o‘tkazilgan mazkur anjumanda a’zo davlatlar – Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekistonning turistik ma’muriyati rahbarlari, sohani rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha xalqaro ekspertlar, faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda sayyohlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-tarixiy ob’ektlarni asrab-avaylashni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, SHHT mamlakatlari turistik salohiyatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

– SHHT tarkibidagi a’zo, kuzatuvchi va hamkor davlatlarning asrlar osha sayyohlar e’tiborini o‘ziga tortib kelayotgan 207 ta madaniy meros ob’ekti YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov. – Demak, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, boy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylashda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. SHHT maydonida ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni ham muvofiqlashtirishimiz kerak.

[gallery-7196]

SHHT xaritasi Arktikadan Hind okeanigacha va Shanxaydan Kaliningradgacha cho‘zilgan. Mazkur hududda sayyoramiz aholisining 40 foizi istiqomat qiladi. Bu mavjud salohiyati hali to‘liq ishga solinmagan ulkan turistik bozordir. Birgina 2019 yil 250 millionga yaqin aholimiz xorijda dam olgani inobatga olinadigan bo‘linsa, imkoniyatimiz naqadar ulkan ekanini tasavvur qilish mumkin.

Jumladan, Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekiston ham azaldan dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb qilib kelgan. Keyingi yillarda yurtimiz turizm salohiyatini faol ilgari surish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samarasi o‘laroq, O‘zbekiston yana dunyo sayyohlarini o‘ziga chorlay boshladi. Endilikda ko‘plab xalqaro nashrlar diyorimizni eng jozibador va qiziqarli yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etmoqda. Natijada O‘zbekiston «The New York Times», «The Guardian», «The Independent», «Global Muslim Travel Index», «National Geographic Traveler Awards», «Lonely Planet» singari nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallamoqda.

O‘zbekistondagi mavjud 8,4 ming madaniy meros ob’ektining 209 tasi YUNESKO jahon merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan to‘rtta shahar-muzey – «Xiva shahridagi Ichon Qal’a», «Buxoro shahri tarixiy markazi», «Shahrisabz shahri tarixiy markazi» va «Samarqand – madaniyat chorrahasi» hududida joylashgan.

Forum dasturiga ko‘ra, SHHT maydonida turizmning barqaror rivoji, madaniy merosni asrash bo‘yicha yangi tashabbuslar, arxeologiya va muzeylar hamkorligi istiqboli, turizm va madaniy meros sohasida ta’lim va fan yo‘nalishidagi sheriklik mavzulari alohida guruhlar ishtirokida muhokama qilindi. Shuningdek, kombinatsiyalangan turistik yo‘nalishlarni joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish, transport-logistika tizimi imkoniyatini kengaytirish masalalari ham ekspertlar diqqat markazida bo‘ldi.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri