Pekinda Xitoy Xalqaro matbuot markazi (CIPCC) tomonidan tashkil etilgan 2025 yilgi ta’lim loyihasida ishtirok etish uchun bu gal 90 ga yaqin davlatdan 100 nafar hamkasbimiz yig‘ildi.
Turli davlatlar, tashkilotlar bilan madaniy, ilmiy va ta’lim sohasidagi aloqani rivojlantirish, madaniy va bilim almashinuvi ko‘lamini kengaytirish, ishtirokchilarga Chin diyori tarixi, madaniyati va iqtisodiyoti haqida ma’lumot berish kabi maqsadlarni ko‘zlagan CIPCC – “China International Public Communication and Cooperation” dasturi asosida turli trening, seminar va brifinglar ham tashkil etiladi.


Bugun loyiha doirasida “SHHTning yangi davrdagi tarixi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shanxay hamkorlik tashkilotining insonparvarlik, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlaridagi loyihalariga bag‘ishlangan mazkur asarda “Shanxay ruhi”ning asl qadriyati – ishonch, o‘zaro tushunish va hamkorlikda rivojlanishni aks ettiruvchi 18 tarix jamlangan.
Navbatdagi SHHT sammiti oldidan tayyorlangan nashr ishtirokchi davlatlarning ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasini ham ifodalaydi.


Taqdimotda Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Lyuy Bin 24 yil mobaynida SHHT nafaqat xavfsizlikka oid, balki iqtisodiyot, diplomatiya, madaniy-gumanitar masalalarni ham qamrab olgan tuzilmaga aylanganini qayd etdi.
“SHHT gumanitar almashinuv forumi-2025: Uyg‘unlik va jipslik – kelajakni birga yaratamiz” mavzusidagi tadbirda joriy yilgi tadbirlar asosan gumanitar sohada hamkorlikni kuchaytirish va a’zo davlatlar o‘rtasida almashinuvni rivojlantirishga qaratilgani ta’kidlandi.
Anjumanda Tashkilot Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev, shuningdek XXR Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Tashviqot bo‘limi hamda Xitoy Mediakorporatsiyasi rahbarlari ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
Xitoy, Pekin