Bugungi globallashuv davrida xalqaro hamkorlik, barqaror rivojlanish va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslar har qachongidan ham muhim.
Bugungi globallashuv davrida xalqaro hamkorlik, barqaror rivojlanish va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslar har qachongidan ham muhim.
Shu nuqtai nazardan, Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) 2025 yilgi Tyanszin shahrida o‘tadigan navbatdagi sammiti jahon hamjamiyati uchun strategik ahamiyatga ega sifatida baholanmoqda.
O‘zA muxbiri mazkur nufuzli tadbir oldidan Tyanszin sammitining mazmun-mohiyati, SHHTning asosiy tamoyillari, xalqaro siyosiy-iqtisodiy jarayonlarda tutgan o‘rni, tashkilotning istiqbolli yo‘nalishlari hamda global boshqaruvdagi roli xususida pokistonlik geostrategik tahlilchi va xalqaro masalalar bo‘yicha sharhlovchi Imron Xolidning fikrlarini yozib oldi.
– Dunyo tobora kuchayib borayotgan mojarolar, iqtisodiy inqiroz va ekologik muammolar bilan kurashayotgan bir paytda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszinda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot yetakchilari ishtirokida o‘tadigan bu galgi sammit o‘zining strategik ahamiyati bilan ajralib turadi.
Dunyo aholisining qariyb yarmini va jahon iqtisodiyotining chorak qismini qamrab oluvchi tashkilot sifatida SHHT global tinchlik, taraqqiyot, ekologik va xavfsizlik muammolarini bartaraf etish imkoniyatiga ega va shu tariqa yanada adolatli ko‘p qutbli dunyo tartibiga hissa qo‘shmoqda.
2001 yilda tashkil etilganidan buyon tuzilma o‘zaro ishonch, tenglik, maslahatlashuvlar, turli sivilizatsiyalarga hurmat va umumiy rivojlanishga intilish tamoyillarini ilgari surib keladi.
Qolaversa, tashkilot demokratik va vakillik boshqaruvini targ‘ib qiluvchi, bir tomonlamalikka qat’iy qarshi turadigan global kuch sifatida gavdalanadi.
SHHT tashqi ishlar vazirlarining iyul oyida Tyanszinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida tuzilma BMTning nufuzi va rolini qo‘llab-quvvatlash hamda adolatli global boshqaruv tizimini yaratish uchun imkoniyat sifatida qabul qilishi haqida kelishib olingan edi.
Tashkilotning “Shanxay ruhi” o‘zaro ishonch, suverenitetni hurmat qilish va tashqi aralashuvlardan mustaqillikka asoslangan boshqaruv modelini o‘zida mujassam etgan. Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti har tomonlama masalalar bo‘yicha suverenitetni himoya qilib, muloqotga imkoniyat yaratib, aralashmaslik pozitsiyasini saqlab qoladi. Bu yondashuv SHHT savdo vazirlariga turli iqtisodiy bo‘hronlarga qaramay, 2024 yilda savdoni osonlashtirish bo‘yicha kelishuvlarni yakunlash imkonini berdi.
Tyanszinda SHHT Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi institutlarni bugungi iqtisodiy voqelikni aks ettiruvchi ovoz berish tizimini qabul qilishga chaqiruvchi global boshqaruv xartiyasini yaratishga boshchilik qilishi mumkin.
Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi sammit kun tartibidan ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirishning dolzarb jihatlari o‘rin olgan.
Uning yakunida Tyanszin deklaratsiyasi, xavfsizlik, raqamli iqtisodiyot, “yashil” sanoat, energetika, turizm va boshqa sohalarda sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjatlar va qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida har qanday sharoitda ham strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Ayrim a’zo davlatlar o‘rtasidagi ichki ziddiyatlarga qaramay, SHHT davomiy muloqot orqali o‘z yechimini topish qobiliyatini ko‘rsatmoqda. G‘arb tahlil markazlari ko‘pincha SHHTni NATOning qaysidir ma’noda “raqibi” sifatida ko‘rsatsa-da, bu nuqtai nazar tashkilotning prinsipial jihatdan neytral pozitsiyasini e’tiborsiz qoldiradi.
Aytish kerakkki, SHHT boshqa davlatlar yoki tashkilotlarga qarshi qaratilgan tuzilma emas, balki inklyuzivlik va hamkorlikka urg‘u beradi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining gegemonizmga qarshi pozitsiyasi butun dunyo Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligini nishonlayotgani munosabati bilan yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 2025 yilgi antifashistik birdamlikni xotirlash zulmga qarshi jamoaviy harakat kuchini ta’kidlaydi.
Bugungi kunda SHHTda sun’iy intellekt, iqlim harakati va savdo-sotiq sohasida hamkorlikka asoslangan parallel global tizim qurish imkoniyati mavjud - bu tinchlik, inklyuziv rivojlanish, umumiy xavfsizlik va adolatli boshqaruvga yordam beradi.
O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA