Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHT sammitida barcha yetakchilar Global boshqaruv tashabbusini qo‘llab-quvvatladi
09:08 / 2025-09-02

Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etgan barcha davlat rahbarlari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan Global boshqaruv tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar, dedi Chin mamlakati tashqi ishlar vaziri Van I.

- Mazkur tashabbus sammitning eng muhim voqeasi bo‘ldi, - dedi mulozim matbuot anjumanida. - Uchrashuvda ishtirok etgan barcha yetakchilar tomonidan olqishlangan bu qarorga  xalqaro hamjamiyat ham jiddiy munosabat bildirmoqda.

SHHT+ formatidagi kengaytirilgan yig‘ilishda Si Szinpin xalqaro huquq me’yoriga rioya qilish, ko‘p tomonlama tamoyilni qo‘llab-quvvatlash, ikki yoqlama standartdan voz kechishni nazarda tutuvchi global boshqaruvda hududi va qudratidan qat’i nazar, barcha mamlakatlar teng ishtirok etishini ta’minlaydigan, besh banddan iborat loyihani ilgari surdi.

Ma’lumki, 31 avgust-1 sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan, SHHT tarixidagi eng yirik tadbir sifatida baholanayotgan navbatdagi sammitda 20 dan ziyod xorijiy davlat rahbarlari, jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari anjumanda, an’anaga muvofiq, global miqyosda muhim qator tashabbuslarni ilgari surdi, dunyo yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 2001 yil tashkil etilgan ushbu xalqaro tashkilotga Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston, O‘zbekiston va Belarus kiradi. Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi,  Muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar: Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kamboja, Qatar, Quvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka esa muloqot bo‘yichyaa hamkor davlatlar hisoblanadi.

S.Rahimov, O‘zA