Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHT sammiti yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlashga xizmat qiladi
18:06 / 2022-09-13

"Ijtimoiy fikr" RJFO‘M mamlakat fuqarolari o‘rtasida telefon so‘rovi o‘tkazdi. Unda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashining shu yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan majlisiga o‘zbekistonliklarning munosabati, SHHT faoliyatining iqtisodiy jihatlari, xavfsizlik siyosati va tashkilotni kengaytirish xususiyatlari, shuningdek, dunyoda iqtisodiy va siyosiy xatar hamda tahdidlarning ortishi munosabati bilan SHHTning ishtirokchi mamlakatlari o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi fikri aniqlandi.

Telefon so‘rovida mamlakat barcha mintaqalarining aholisi, erkaklar va xotin-qizlar, turli ijtimoiy qatlamlarga mansub va har xil sohalarda band bo‘lgan turli millat vakillari ishtirok etdilar.

Dunyoda ko‘plab mintaqaviy tashkilotlar va turli xil shartnomalar mavjud. Mintaqaviy hamkorlik tashkilotlari orasida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) alohida o‘rin tutadi.

SHHT mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2022 yil 29 iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan majlisi doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlarining bo‘lib o‘tgan uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHHT o‘zining siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-intellektual salohiyati jihatidan eng qudratli birlashmalardan biri hisoblanishini ta’kidladi.

O‘zbekiston SHHT doirasida konstruktiv va samarali hamkorlik tarafdori hisoblanadi, u tashkilotning amaliy dolzarbligi va xalqaro nufuzini oshirish maqsadida SHHTning yangi kun tartibini shakllantirishga o‘zining hissasini qo‘shishga tayyor.

Davlatimiz rahbari SHHTni yanada rivojlantirishning qator muhim jihatlarini, jumladan, Tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolish, yangi da’vat va tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini mustahkamlash, Markaziy Osiyo uchun SHHTning "geografik yadrosi" maqomini saqlab qolish, transchegaraviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini ilgari surish va Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faolroq jalb etish vazifalarini belgilab berdi.

O‘tkazilgan telefon so‘rovi o‘zbekistonliklarning aksariyati 2022 yil sentyabr oyida Samarqandda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida yetarlicha yuqori xabardorlik darajasini namoyish etganligini ko‘rsatdi: 39,5% fuqarolar bo‘lajak muhim siyosiy voqeadan yaxshi xabardor ekanliklarini ta’kidladilar, 27,0% so‘rov ishtirokchilari esa "Ha, bu haqda eshitganman" deb javob berdilar.

Tadqiqot davomida respondentlar SHHT faoliyati va ishtirokchi davlatlar rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvi ommaviy axborot vositalarida keng muhokama etilayotganligi, buning ustiga, u O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi tufayli ushbu siyosiy voqeaga, shuningdek, O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan integratsiya jarayonlari va ular o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik hamda konstruktiv muloqotni rivojlantirish masalalariga faol qiziqish bildirayotganliklarini ta’kidladilar.

So‘rov davomida fuqarolar SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashining bo‘lajak majlisi haqida ma’lumot olgan manbalar aniqlandi: 37,9% respondentlar SHHT sammiti Samarqandda o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi teleko‘rsatuvlaridan olganliklarini bildirdilar. Shunisi e’tiborliki, o‘zbekistonliklar xalqaro darajadagi ushbu muhim siyosiy voqea haqida axborot olgan va ahamiyati jihatidan keyingi muhim axborot kanali Internet hisoblanadi, ayni paytda ta’kidlash kerakki, so‘rovning 27,6% ishtirokchilari asosiy axborot manbasi sifatida ijtimoiy tarmoqlarni (Facebook, Instagram) qayd etishgan, 24,1% – SHHT sammiti haqida Telegramdan ma’lumot olgan. Telefon so‘rovi davomida olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvi jamoatchilik o‘rtasida aks sado berdi, fuqarolar uni oilasi, qarindoshlari, do‘stlari, ishdagi hamkasblari davrasida muhokama qilishmoqda (17,2%).

O‘tkazilgan so‘rov o‘zbekistonliklar SHHTga a’zo davlatlarning barcha sohalardagi o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash har bir mamlakatdagi alohida iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishiga, global iqtisodiy inqirozlar, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va axborot tahdidlariga birgalikda qarshi turishga ishonishlarini tasdiqlaydi. “Sizning fikringizcha, SHHT faoliyatining asosiy maqsadi nimadan iborat?” degan savolga 44,8% fuqarolar SHHT faoliyatining asosiy yo‘nalishi "SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiyot, savdo, madaniyat, ekologiya va boshqa sohalarda har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish", deb javob berishdi. 41,2% so‘rov ishtirokchilarining fikricha, SHHT tarkibiga kiruvchi mamlakatlarning integratsiyalashuvidagi asosiy yo‘nalishlar Markaziy Osiyoda milliy va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm tahdidining oldini olish, mintaqada tinchlik hamda doimiy barqarorlikni mustahkamlashdan iboratdir.

Shuningdek, respondentlar ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik va investitsiyaviy hamjihatlik, tashkilot doirasida savdo aloqalarining maqbul rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida yangi yo‘llar va transport yo‘laklarini qurish, ishbilarmonlar va moliyaviy doiralar o‘rtasida muloqot va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, energetika, transport, telekommunikatsiya, kredit va bank sohasidagi ko‘p tomonlama loyihalarni amaliy rag‘batlantirishga ko‘maklashishni SHHTning ustuvor maqsadlari, deb hisoblaydi.

So‘rovda ishtirok etgan respondentlar SHHT faoliyatining asosiy maqsadi, ularning tasavvurida, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, mintaqada do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishdan iborat ekanini ta’kidladi. Fuqarolar a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar sohadagi hamkorlik, SHHTga a’zo davlatlar xalqlarining o‘zaro boyib borishi va bir-birini anglashiga ko‘maklashuvchi turli madaniyat va sivilizatsiyalarning konstruktiv muloqotini SHHT faoliyatining muhim tarkibiy qismi, deb hisoblaydi.

Fuqarolarning fikricha, SHHT bugungi kunda yuqori nufuzga ega va mintaqadagi ko‘plab davlatlar uchun jozibador hisoblanib, ishtirokchi mamlakatlarga tashkilot doirasida samarali muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratmoqda.

So‘rov jarayonida 45,0% fuqarolarning javobiga ko‘ra, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarni hal etish, zamonamizning umumiy tahdid va xavflariga birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan o‘z vaqtida javob berish imkonini beradi.

Respondentlarning uchdan bir qismi yaqin kelajakda SHHT hududida vizasiz makon tashkil etilishi, fuqarolar SHHTning har qanday davlatida erkin sayohat qilishlari, ishlash va o‘qishlari, bojxona cheklovlari minimallashtirilishi va tovarlar hamda xizmatlarning erkin harakatlanishi, o‘zaro savdoda mavjud cheklovlar bekor qilinishi mumkinligiga umid bog‘lashmoqda.

Respondentlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning geosiyosiy markaziga aylanmoqda, ularning fikricha, mamlakatimiz iqtisodiy va siyosiy sohalarda faollik ko‘rsatmoqda, mintaqada har jihatdan yetakchi bo‘lib bormoqda, ayni paytda ichki siyosiy barqarorlik, madaniy ustuvorliklar, mustaqil va faol siyosiy mavqe mamlakatimizning mintaqaviy yetakchilik maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashining bo‘lajak majlisiga o‘zbekistonliklarning ijobiy munosabatini aniqlab berdi, ko‘rinib turganidek, ko‘plab ishtirokchilar uchun mamlakatimizda muhim siyosiy tadbirning o‘tkazilishi haqiqatan ham O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvining faol, modernizatsiyalash va yanada barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ajralmas jarayonlari ifodasi sifatida qabul qilinmoqda. Tadqiqot ishtirokchilari SHHTning Samarqanddagi sammiti mamlakatimiz uchun yangi ufqlar ochib berib, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillarini, umumiy muammolarni hal etishda ishtirokchi davlatlarning jipsligini ta’minlashga xizmat qiladi, deb hisoblaydilar.

"Ijtimoiy fikr"

respublika jamoatchilik fikrini

o‘rganish Markazi.

O‘zA