Pekin shahridagi Xitoy Milliy muzeyida “Yorug‘ sivilizatsiyalar yulduzlari: SHHT mamlakatlari milliy muzeylari madaniy merosi” nomli ko‘rgazma ish boshladi.
Joriy yil 31 avgust-1 sentyabr kunlari Tyanszin shahrida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti munosabati bilan tashkil etilgan mazkur anjumanda O‘zbekiston, Xitoy, Belarus, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston davlatlaridan milliy va tarixiy muzeylar vakillari ishtirok etyapti.



“Shanxay ruhi” tamoyili – “sivilizatsiyalar xilma-xilligiga hurmat va birgalikda rivojlanishga intilish” shiori ostida o‘tayotgan ekspozitsiya uchun bu gal a’zo davlatlarning 10 muzeyi va madaniy muassasasidan 220 ta noyob eksponat tanlab olingan. Xususan, har bir mamlakatning sivilizatsiyasi tarixi, rivojlanishi va evolyutsiyasini aks ettiruvchi, shuningdek o‘lkalar o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni namoyon etuvchi muhim artefaktlar bor. Bu noyob ashyolar sivilizatsiyalar galaktikasi yulduzlari singari SHHT mamlakatlarining boy madaniy asosini yorqin namoyon qiladi.




E’tiborli jihati, ko‘rgazmada O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va davlat san’at muzeyi fondlaridan 27 eksponat taqdim etilgan. Har bir asarda yurtimiz madaniy merosi va boyligi – eng qadimgi sivilizatsiyalardan tortib, XIX-XX asr san’atigacha bo‘lgan namunalar mujassam.




Xitoy Milliy muzeyi dunyoning eng yirik muzeylaridan biri hisoblanadi. Pekin markazidagi Tyananmen maydoni sharqida joylashgan ushbu me’moriy obida 2003 yil inqilob va tarix muzeylari birlashishi natijasida tashkil topgan. Muzey kolleksiyasi besh ming yildan ortiq tarixni qamrab olgan – neolit davri topilmalaridan o‘tgan asr san’at asarlarigacha. Majmuada bronza buyumlar, chinni, xattotlik, rassomlik ashyolari, budda haykallari, hujjatlar va Xitoyning yangi tarixi bilan bog‘liq buyumlar namoyish etiladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘tkir Alimov, O‘zA
Pekin, Xitoy