Joriy yil 15–16 sentyabr kunlari butun dunyoning diqqati ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga qadaldi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar va hukumatlar rahbarlari, diplomatlar, siyosatshunoslar SHHTning navbatdagi 22-sammitida ishtirok etish uchun Sharq gavhari Samarqandda jam bo‘lishdi.
Muhtaram Prezidentimiz SHHT sammitda nutq so‘zlab, bunday dedilar: “O‘zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko‘proq talab etilmoqda”.
Darhaqiqat, yaxshilik uzra hamkorlik qilish muqaddas dinimizning ham talabidir. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!» (Moida surasi, 2-oyat).
Ushbu oyatdagi yaxshilikdan murod uning har qanday ko‘rinishidir. U bandalarning dunyo va oxiratdagi barcha manfaatini qamrab olgan. Unda bandalarning o‘zlari va Robbi bilan bog‘liq holatlari haqida so‘z ketyapti. Chunki banda mana shu ikki holat va ikki majburiyatdan ayro emas. Biri o‘zi bilan Alloh o‘rtasidagi majburiyat bo‘lsa, keyingisi o‘zi bilan odamlar o‘rtasidagi majburiyatdir.
Inson tabiatan ijtimoiy mavjudot bo‘lgani uchun bu olamda yolg‘iz hayot kechirishga qodir emas. Shu bois hayoti bardavom bo‘lishi uchun ayrim masalalarda o‘zgalar bilan hamkorlik qilishga majbur. Alloh taolo odamlar bir-birlari bilan hamkorlik qilishi uchun ularni turli millat va elatlar qilib yaratgan. Chunki o‘zaro hamkorlik Odam bolalari orasidagi hayot tarzining eng yaxshisi hisoblanadi. Zero, u saodat, yutuq va faol ijodkorlik uchun asosdir.
O‘zaro hamkorlikda ish yuritish yuksak ijtimoiy qadriyat bo‘lib, muvaffaqiyat siridir. Shu orqali insonlar o‘z maqsadlariga erishadi, jamiyat farovonlik va saodatda hayot kechiradi. Bunday jamiyatda mehr-oqibat, do‘stlik va ahllik hukmron bo‘ladi. Uning a’zolari farovon hayot, baxtli kelajak uchun o‘zaro hamkorlikda va yelkama-yelka turib kurashadi. Yomonlik va zulmning tizginini tiyib qo‘yadi. O‘zaro hamkorlik tufayli har bir fuqaro o‘zi yashab turgan xalq va jamiyatda qadr-qiymati va o‘rni borligini his qilib yashaydi.
Ana shu jihatlarni bugun SHHTga a’zo davlatlarning hamkorligida yaqqol ko‘rish mumkin. 3,5 milliarddan ziyodroq aholiga ega SHHTga a’zo davlatlar bugungi kunda har jihatdan mustahkam aloqa o‘rnatishi tomonlar manfaatiga xizmat qiladi.
Musulmon kishi o‘z birodari bilan hamkorlik qilar ekan, ikkisining harakatiga faollik qo‘shiladi. Shu bois ko‘zlangan maqsadga tez va ishonch bilan erishadi. Chunki hamkorlik vaqt va mehnatni tejaydi.
Ko‘pgina hadisi shariflarda ham yaxshilik va taqvo ishlarida hamkorlikka targ‘ib qilinganini ko‘ramiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar o‘zaro rahmu shafqatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir a’zosi og‘rib qolsa, qolgan butun jasad bedorlik va isitma bilan og‘riqqa javob beradi”; yana: “Allohning qo‘li jamoat bilandir”; yana: “Mo‘min mo‘min uchun bir-birini tutib turadigan bino kabidir”, deganlar.
Musulmonlar o‘zaro hamkorlikda yashashi uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari barchamizga amaliy ibrat va namuna bo‘lib berganlar. U zot barcha ishlarda, shodlikda ham, qayg‘uli vaziyatlarda ham safdoshlari bilan birga bo‘lganlar. Makka mushriklarining barcha tazyiqlari chog‘ida haqiqiy iymon egalariga qo‘shilib ozor-aziyat chekkanlar. Ilk masjid qurilishida ularga qo‘shilib yelkalarida g‘isht, tuproq va tosh tashiganlar. Handaq jangi kuni el qatori yer qaziganlar.
Hamkorlik yaxshilik va taqvo ishlarida bo‘ladi. Ya’ni har bir inson ilmi va amali bilan boshqalarga yordamchi bo‘ladi. Chunki odam yolg‘iz o‘zi hamma ishga ham qodir emas. Zero, Alloh taolo insoniyatni bir-biriga bog‘liq va ko‘makchi qilib yaratgan.
Borliqni yaratgan Alloh taolo insonlarning kuch-qudrati va imkoniyatlarini, iqtidori va ehtiyojlarini ham bir-biridan farqli qilib yaratdi. Shu bois kimdir kuchli, kimdir ojiz, birovi boy, boshqasi kambag‘al. Hamma vaqt va hamma zamonlarda, har bir jamiyatda badavlat va qashshoq, olim va johil, kuchli va kuchsizlar tabaqasi mavjud bo‘lgan. Shu bois insonlar o‘zi yashab turgan jamiyatni saodatli qilishni istasa, bir-biri bilan hamkorlikda yashashi lozim.
O‘zaro hamkorlikning samarasi jamiyat hayotida namoyon bo‘ladi. A’zolari iqtisod, farzand tarbiyasi va ota-onaga mehribonlik borasida bir-biriga hamkor bo‘lgan jamoa baxtli bo‘ladi. Odamlari kambag‘alga yordam, ilmsizga ta’lim, bemorga shifo, yetimga kafillik beradigan, zulmga qarshi kurashadigan va fisq-fasod tarqalishining oldini oladigan jamiyat saodatga erishadi. Unda farovonlik, xotirjamlik barqaror bo‘ladi. Fuqarolar o‘rtasida mehr-oqibat keng tarqaladi.
Muhtaram Yurtboshimiz o‘z nutqlarida: “Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yo‘lida mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi”, deya ta’kidlaganlari tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarini ruhlantirib, yangidan-yangi zafarlarga, muvaffaqiyatlarga undashi shubhasiz.
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari