Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"SHHT Samarqand sammiti: parlament oldidagi vazifalar" mavzuida davra suhbati o‘tkazildi
12:16 / 2022-09-24

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida "SHHT Samarqand sammiti: parlament oldidagi vazifalar" mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat, Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari hamda Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari, ilmiy jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari o‘tkazilgan SHHTning Samarqand sammiti xalqaro miqyosda ulkan voqea bo‘ldi va tashkilot tarixida yangi davrni boshlab berdi. Samarqand sammiti ikki yildan ortiq pandemiyadan keyin SHHT mamlakatlari va xalqlari uchun bevosita muloqot maydoni bo‘ldi.

Sammitda davlatimiz rahbari tomonidan global miqyosdagi ko‘plab muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Nufuzli xalqaro tadbir doirasida avvalgi sammitlarga nisbatan rekord darajada, ya’ni 44 ta tarixiy hujjat qabul qilindi, shu jumladan, sammit yakunlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi imzolandi.

Samarqand deklaratsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda milliy parlamentimizning roli qanday?

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek, Oliy Majlis palatalariga oid konstitutsiyaviy qonunlarga muvofiq, Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlariga qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshirish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash, davlat strategik dasturlarini qabul qilish, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish ham kiradi.

Shu munosabat bilan SHHT Samarqand sammitida qabul qilingan hujjatlar ijrosi milliy parlamentimiz, xususan, deputatlar va senatorlar zimmasiga bir qator muhim vazifalarni yuklaydi.

SHHT Samarqand deklaratsiyasida SHHTga a’zo davlatlar vakillik organlari (ya’ni parlamentlari) yo‘nalishida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, davlat boshqaruvi va rivojlanishi sohasida tajriba almashishni qo‘llab-quvvatlash belgilanganligidan kelib chiqib, SHHTga a’zo davlatlarning parlamentlararo aloqalarini yo‘lga qo‘yish mexanizmini ishlab chiqish, qolaversa Oliy Majlis palatalaridagi SHHTga a’zo davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik bo‘yicha guruhlarni yanada faollashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, SHHT sammitida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni atroflicha o‘rganib, tahlil qilish asosida amaldagi qonunlarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash muhim vazifalardan biridir.

SHHTga a’zo davlatlar parlamentlari o‘rtasida norma ijodkorligi, huquqiy yordam, aholining huquqiy savodxonligini oshirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik normalarini hisobga olgan holda huquqiy axborot almashish uchun onlayn-platforma yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish singari istiqbolli chora-tadbirlar ham alohida ahamiyatga ega.

Gap shundaki, sammitda imzolangan hujjatlar, davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari va muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish jarayonida SHHTga a’zo davlatlarda faoliyat yuritayotgan «aqliy markaz»lar ham faol tarzda, o‘zaro hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishlari taqozo etiladi.

bugungi kunda O‘zbekistonda 20 ga yaqin turli soha va yo‘nalishlarda «aqliy markaz»lar faoliyat olib bormoqda. Ular orasida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ham qonun ijodkorligi va parlamentarizm sohalarida o‘rta va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqda.

Muhokamalarda milliy parlament va uning huzuridagi Institut oldida turgan vazifalar hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilab olindi. Bu boradagi amaliy chora-tadbirlar va ular bilan bog‘liq boshqa masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Anjumanning ikkinchi qismida institut tomonidan tayyorlangan «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar parlamentlari» nomli to‘plam taqdimoti o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda yer yuzining ulkan geografik hududini hamda sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan SHHT faoliyatiga qiziqish tobora ortib bormoqda. Nafaqat SHHT tarkibiy tuzilmasi, uning faoliyati mazmuni va asosiy yo‘nalishlari, balki tashkilot tarkibidagi sakkiz mamlakat – Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlarining siyosiy va huquqiy tizimlari xalqaro, xorijiy va milliy siyosatshunoslar, huquqshunoslar, qolaversa soha olimlari va ilmiy tadqiqotchilar e’tiborini tortib kelmoqda.

Shu munosabat bilan, to‘plamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning universal instituti sifatida namoyon bo‘layotgan, turli madaniyat va sivilizatsiya shakllari, tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy rivojlanish modellari bilan birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan xalqaro mintaqaviy tashkilot –SHHTga a’zo mamlakatlarning parlament tizimi xususidagi batafsil ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.

To‘plamda asosiy e’tibor oliy vakillik organlarining huquqiy maqomi, ularning tuzilishi va vakolat muddati masalalariga qaratilgan bo‘lib, deputatlar korpusini shakllantirish tartibi va deputatlar daxlsizligi, shuningdek, qo‘mitalar va boshqa parlament organlarining ishlash tartibi bayon qilingan.

To‘plam parlament va hukumat a’zolari, davlat organlari va jamoat birlashmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning xodimlari, ekspertlar, ilmiy xodimlar, parlamentarizm sohasida tadqiqot olib borayotgan ilmiy izlanuvchilar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan.

Muxtasar aytganda, o‘quvchi tashkilotga a’zo davlatlar parlamentlari faoliyati va amaldagi tarkibini o‘rganish, parlamentlarning umumiy xususiyatlari, o‘ziga xos va farqli jihatlarini taqqoslash, ulardagi jarayonlar, shu jumladan qonunchilik faoliyati bilan bitta manbaning o‘zida tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davra suhbati yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.



O‘zA