Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHT Milliy koordinatorlari kengashi yig‘ilishi to‘g‘risida
14:42 / 2022-07-24

24 iyul kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

Anjuman davomida O‘zbekiston Respublikasining ushbu tuzilmadagi raisligi doirasida SHHTning asosiy tadbirlariga tayyorgarlik jarayoni hamda 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisida tasdiqlash uchun taqdim etilishi rejalashtirilgan 30 dan ziyod hujjat loyihalari muhokama qilinadi.

To‘rt kun davom etadigan tadbirda qatnashchilar 28-29 iyul kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini ham tahlil qilishadi.

Yuqori darajadagi sammit chog‘ida SHHT doirasida qator yo‘nalishlarni qamrab oluvchi hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Shu ma’noda mamlakatimizning asosiy istiqbollaridan biri – transport-logistika sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yilgi SHHT sammitida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish va tashkilot faoliyatining boshqa muhim masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

SHHT Milliy koordinatorlari kengashi yig‘ilishi 27 iyulga qadar davom etadi.

[gallery-8023]

Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA