Pekinda, Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyatida Navro‘z bayrami munosabati bilan tantanali qabul marosimi tashkil qilindi.
"Navro‘z-2025: an’analar uyg‘unligi va barqaror taraqqiyot" shiori ostida o‘tgan tadbirda Xitoydagi SHHTga a’zo davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, vazirlik va idoralar, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.
Bosh kotib Nurlan Yermekbayev Navro‘z ezgulik g‘alabasi, xalqning unumli yildan umidi, farovonlik va tinch hayot timsoli ekanini qayd etdi. Bu yil BMT 21 mart sanasini "Xalqaro Navro‘z kuni" sifatida e’lon qilganiga 15 yil to‘ldi.
- Navro‘z "Shanxay ruhi"ga, eng avvalo, bu tushunchaning tenglik, o‘zaro ishonch, madaniyatlar va sivilizatsiyalar xilma-xilligini hurmat qilish kabi tamoyillariga hamohang, - dedi u. - A’zo davlatlar xavfsiz, barkamol va farovon kelajakni yaratish yo‘lida do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun sa’y-harakatni kuchaytirishga tayyor.
Xitoy hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey xalqlarimiz baxt, tinchlik, birlik va farovonlik timsoli bo‘lgan mazkur ayyomni madaniy almashinuv vositasi, xalqlarni yaqinlashtiradigan muhim rishtaga aylantirayotganini ta’kidladi.
Tadbir doirasida a’zo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor mamlakatlar vakillari tomonidan madaniy dastur taqdim etildi. O‘zbekiston san’at ustalari ijrosidagi "Lazgi" raqsi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Delegatsiyalar, jumladan respublikamiz ayvonida milliy taomlar va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
G.Sattorova, O‘zA