Hozirgi kunda dunyoda vaziyat murakkablashib bormoqda. Ayrim davlatlar o‘rtasida kelishmovchilik va siyosiy mojarolar yuzaga kelmoqda. Bu jahon xalqlari hayoti va davlatlar iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir qilyapti. Mana shunday holatda o‘zaro muloqotga asoslangan hamkorlikda ishlovchi platformaga ehtiyoj sezilyapti.
Shanxay hamkorlik tashkiloti ana shunday platformaga aylanib bormoqda. O‘ylaymizki, bu galgi sammit doirasida qabul qilinadigan qarorlar ham nafaqat shu hududda, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Aytish kerakki, tashkilot tashkil etilganda masalalarni kelishuv va muloqot shaklida kun tartibiga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilganligi sababli “Shanxay ruhi” tushunchasi paydo bo‘lgan edi. Bugun dunyo siyosatida “Samarqand ruhi” tushunchasi kirib keldi. Samarqanddagi sammit ham tinchlikni ta’minlashga, tashkilotga a’zo davlatlarning rivojlanishiga xizmat qiladigan tadbir bo‘layotgani bilan ahamiyati oshib bormoqda. Inqiroz va tangliklar kuchayishi sharoitida bu yerda qabul qilinadigan qarorlar va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar dunyoda vaziyatni o‘zgartirishga turtki berishi shubhusiz.
O‘zbekiston raisligida o‘tkaziladigan sammitda Eron Islom Respublikasining tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinishi ham tarixiy ahamiyatga ega. Binobarin, Eron yaqin sharq mamlakatlari orasida Osiyoda tez taraqqiy etayotgan mamlakat hisoblanadi. Eronning iqtisodiy salohiyati ilmiy va texnologik jihatdan jadal rivojlanib bormoqda. Yana bir e’tiborli tomni, Eronning tashkilotga a’zo bo‘lib kirishi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarini okeanga, ya’ni dunyo bozoriga yaqinlashtiradi. Bu hamkorlik savdo-sotiq rivojlanishiga, eksport salohiyati oshishi va geografiyasi kengayishiga, umuman, barcha yo‘nalishlar istiqboliga ijobiy ta’sir qiladi.
Sayfiddin JO‘RAEV,
siyosatshunoslik fanlari doktori, professor.
O‘zA.