Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHT Forumi yig‘ilishida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
21:42 / 2024-06-05

Toshkentda “Zamonaviy sharoitda SHHTning o‘rni: umumiy xavfsizlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish” mavzusidagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining XIX yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) raisligida tashkil etilgan anjumanda 40 dan ziyod ekspert, jumladan, a’zo davlatlar milliy tadqiqot markazlari delegatsiyalari, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar vakillari, shuningdek SHHT Kotibiyati va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan SMTI direktori Eldor Aripov SHHT faoliyatiga yuksak baho berdi. 20 yildan ko‘proq vaqt mobaynida tashkilot o‘ziga xos shakllanish va taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tish orqali zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining ajralmas bo‘lagiga aylanganini qayd etdi.

– Bugungi kunda SHHT oilasi sayyoramiz aholisining qariyb yarmi istiqomat qiladigan bepoyon hududni birlashtirgan dunyodagi yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi, – dedi E.Aripov. – Tuzilmaga qo‘shilishga tayyor davlatlar soni tobora ortmoqda. Zero, xalqaro hamjamiyat SHHT timsolida xavfsizlik va farovonlikka faol hissa qo‘shayotgan jozibador tizimni ko‘ryapti.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min anjuman  ishtirokchilarini qutlarkan hamkorlik doirasidagi umumiy yutuqlarga e’tibor qaratdi.

– Keyingi oy Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitda Belarusning SHHTga qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va shu tariqa tuzilmaga a’zo davlatlar soni o‘nlik marradan o‘tadi, – dedi Bosh kotib. – Erishilayotgan natijalar umumiy manfaatimizga, tashkilotning tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan aniq maqsadlariga mos kelishini isbotlamoqda.

[gallery-17720]

Qayd etish kerak, O‘zbekiston SHHTning ta’sischi davlatlaridan biri sifatida tashkilot rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Mamlakatimizning ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va “Shanxay ruhi” tamoyilini birgalikda amalga oshirishga sodiqlik, madaniyatlar xilma-xilligiga chuqur hurmat hissini namoyon etishi hamkorlar tomonidan alohida e’tirof etiladi.

Toshkent har doim SHHTning jahon miqyosidagi nufuzini oshirish, ulkan salohiyatini yuzaga chiqarish, ishtirokchi mamlakatlar xalqlari farovonlikka erishishi uchun hamkorlikni yangi sifat darajasiga ko‘tarishga intilib keladi. 2017-2023 yillarda Davlatimiz rahbari SHHT sammitlarida savdo-sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot va transport zanjirini mustahkamlash, innovatsiya, raqamli transformatsiya, yashil iqtisodiyot, madaniy-ijtimoiy hamda xalq diplomatiyasi sohalarida sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan 70 dan ortiq salmoqli va dolzarb tashabbuslarni ilgari surgan. Eng muhimi, bu takliflar SHHTning yo‘l xaritalari, me’yoriy-huquqiy, dasturiy va konseptual hujjatlarida aks etib, ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmlari ko‘rinishida tizimli amalga oshirilmoqda. Umuman, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar milliy manfaatlar va mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi, SHHT davlatlarining barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilgan asosiy vazifa va maqsadlarga mos keladi va shu bois ko‘pchilik davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanadi.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joiz, 2006 yil tashkil etilgan SHHT Forumi ko‘p tomonlama konsalting, ekspert va tadqiqot tuzilmasi sifatida tashkilot faoliyatini ilmiy ta’minlaydigan avtonom mexanizm hisoblanadi. Forum yig‘ilishlari yiliga bir marta a’zo davlatlar milliy tadqiqot markazlari ishtirokida o‘tkaziladi. Navbatdagi Toshkent anjumani dasturidagi uchta sessiya yig‘ilishida ham  an’anaga muvofiq bugungi kunning dolzarb masalalari muhokamasiga  keng o‘rin berildi.

Xususan, “SHHT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari: foydalanilmagan imkoniyatlarni har tomonlama yuzaga chiqarish”, “SHHTning hozirgi rivojlanish bosqichida samaradorlikni oshirish”, “SHHT Forumi faoliyatini takomillashtirish istiqboli” mavzulari a’zo davlatlar tahlil markazlari yetakchi ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi.

Tadbir yakunida Forum bayonnomasi imzolandi.

G‘ayrat XONNAZAROV, Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA muxbirlari