bugungi kunda xalqaro muammolarni hal etishda xalq diplomatiyasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aslida, uni kichik xayrli harakatlar siyosati, deyish mumkin.
Bu siyosatda asosiy e’tibor davlat tuzilmalari va mansabdor shaxslarga emas, balki hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga ega jamoat tashkilotlariga qaratiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyodagi global ziddiyat va qarama-qarshiliklar avj olayotgan bir pallada, aynan xalq diplomatiyasi o‘z samimiyligi va xolisligi bilan asosiy ahamiyat kasb etyapti.
Rasmiy davlat vositalaridan farqli ravishda, u temir panjaralarni buzib o‘tishga, aloqa yetishmovchiligi bor joylarda ham aloqa o‘ratishga qodir. Bunda muhimi, barcha manfaatdor tomonlarning umumiy manfaat uchun hamkorlik qilish niyati bo‘lsa, kifoya.
Buning ortida esa insonga xos eng oliy qadriyatlar: tinchlik, xavfsizlik, ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik, boshqa xalqlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, adolat va birgalikda rivojlanish istagi turadi.
Umuman, xalq diplomatiyasi – madaniyat va an’analarni yaxshiroq tushunish uchun xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgan turli xalqlar va tashkilotlarning oddiy va bevosita muloqotidir.
Bunday diplomatiyada mansabdor shaxslarni emas, balki siyosatga bog‘liq bo‘lmagan xalq vakillari – olimlar va rassomlar, madaniyat va din arboblari, ishbilarmonlar va yoshlar, turizm va sport tashkilotlari, oddiy odamlar ishtirok etadilar. Lekin, shu bilan birga, fuqarolik jamiyatining mustaqil va norasmiy vakillari sifatida, ular xalqaro miqyosdagi turli forumlar, simpoziumlar, konferensiyalar, hattoki nizolarni hal etish bo‘yicha muzokaralarda ham davlat nomidan vositachi sifatida ishtirok etishlari mumkin.
Ana shunday muassasalardan biri bo‘lgan SHHTning Toshkentdagi Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan a’zo davlatlar o‘rtasidagi ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
Uning ta’sis etilishi bir vaqtning o‘zida bir necha omillarga bog‘liq bo‘lgan. SHHT nisbatan qisqa davr ichida xalqaro munosabatlarda muhim rol o‘ynayotgan nufuzli tashkilotga aylandi. Hozirgi kunda butun tashkilot, shu jumladan, a’zo davlatlar, kuzatuvchilar va muloqot hamkorlari 18 mamlakatni birlashtiradi.
SHHT hududi yer yuzining to‘rtdan bir qismini egallaydi va dunyo aholisining deyarli yarmini birlashtiradi. Albatta, bunday ulkan salohiyatga ega tashkilot Yevrosiyo qit’asidagi munosabatlarning yangi turini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Bu borada esa xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan keng foydalanish ayniqsa muhim.
Dunyoda globalizatsiya va integratsiya jarayonlari kengayib borayotgan bir vaqtda xalq diplomatiyasi xalqaro munosabatlarning asosiy unsurlaridan biriga aylanmoqda. Bunday diplomatiya vositalaridan foydalanish, shubhasiz, SHHT davlatlari va ularning xalqlarini yaqinlashtirishga, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Markazning asosiy maqsadi – muloqotni yanada chuqurlashtirish, SHHT mamlakatlari va ularning xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishga ko‘maklashishdan iborat. Bu maqsadga erishish yo‘lida qo‘shma loyihalar va turli tadbirlarni amalga oshirish orqali tashkilotga a’zo mamlakatlar xalqlarining boy tarixiy-madaniy merosi, ko‘p asrlik an’analarini o‘zaro bilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shu paytgacha Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarida xalq diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan tadbirlar uning hududidagi xalqlar uchun bir-birining urf-odatlari, madaniyati va turmush tarzini o‘rganish uchun yetarli bo‘lmagan.
Shu bois, O‘zbekistonda xalq diplomatiyasi markazining tashkil etilishi, o‘ta muhim va o‘z vaqtida amalga oshirilgan tadbir bo‘ldi.
Bunday tuzilmani tashkil etish zarurati Hindiston va Pokiston SHHTning doimiy a’zolari safiga qo‘shilgandan so‘ng yanada oshdi, zero tashkilot Yevroosiyoning Xitoy, Rossiya, Hindiston va Islom sivilizatsiyalari kabi bir necha yirik tamaddun markazlarini birlashtiruvchi makonga aylandi.Bu sivilizatsiyalar nafaqat betakrorligi va an’anaviyligi bo‘yicha ba’zi umumiy xususiyatlarga ega, balki urf-odatlar, qadriyatlar va turli madaniy amaliyotlar bilan ham ajralib turadi. Agarda SHHT kabi xalqaro maydondagi tashkilotlar, avvalo, siyosiy va iqtisodiy pragmatizmni ko‘zlab ish yuritishsa, xalqlar ko‘proq qalban yaqinlashadi, bu esa davlat qurilishi va boshqaruvida g‘oyalar hamda mafkuraviy tuzilmalarning o‘rnini belgilab beradi.
Yana bir muhim jihat SHHT davlatlari nafaqat dunyodagi siyosiy vaziyat tufayli, balki ming yillar davomida savdo-sotiq, madaniy-ma’naviy qadriyatlar almashinuvi markazi hisoblangan Buyuk ipak yo‘li birlashtirgan chuqur tarixiy va madaniy aloqalar orqali o‘zaro bog‘liqlar.
Markaz tashkil etilgan davrdan boshlab o‘z faoliyatini «Shanxay ruhi» tamoyillarini faol targ‘ib qilishga qaratgan.
«Shanxay ruhi» asosida o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik, o‘zaro maslahatlashuv, madaniyatlar xilma-xilligiga nisbatan hurmat, birgalikda rivojlanishga intilish kabi tushunchalar yotadi. Uning mantiqiy asoslariga kiritilgan har bir konsepsiya chuqur ma’noga ega. O‘zaro ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik va o‘zaro maslahatlashuvlar – «yangi xavfsizlik modeli» asosini tashkil etadi.
«O‘zaro ishonch» o‘zaro tushunishga, xalqaro shartnomalar va majburiyatlarga rioya qilishga, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan tamoyillariga rioya qilishga asoslangan samimiy munosabatlarni nazarda tutadi.
«O‘zaro manfaat» tamoyili barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olish va kafolatlash zarurligi, o‘z mamlakatining xavfsizligi boshqa davlatlarning xavfsizligi bilan ajralmas ekanligini bildiradi.
Xalqaro munosabatlar sub’ektlarining «tengligi» ularning hududi kattaligi, farovonlik darajasi va davlat hokimiyatidan qat’i nazar, ularning jahon hamjamiyatidagi teng maqomini nazarda tutadi. Ularning barchasi tinchlik va osoyishtalikka, o‘z manfaatlarini himoya qilishga, ba’zi davlatlarning boshqalardan ustunlik qilishga intilishlariga qarshi kurashda tengdirlar.
«Hamkorlik» tamoyilida bir davlat boshqasiga qarshi ittifoq tuzmasligi, muloqot va maslahatlashuvlar orqali yashirin tahdidlarga barham berishi, ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilishi, qurolli to‘qnashuvlarning oldini olishi va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashi tushuniladi.
«Madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish» tamoyili – zamonaviy dunyoda madaniyatlar va sivilizatsiyalar xilma-xilligini tan olish, har bir davlatning tarixi va madaniyatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, har bir millatning o‘z ijtimoiy tizimi va rivojlanish modelining mustaqil tanloviga hurmat bildirishni anglatadi.
«Birgalikda rivojlanishga intilish» shimol va janub o‘rtasidagi nomutanosiblikni kamaytirish va ijtimoiy tabaqalanish muammosini hal qilish, hamkorlik jarayonida o‘zaro farovonlikka intilish, boshqa davlatlarning har qanday ijobiy tajribasini o‘rganishni anglatadi.
«Shanxay ruhi» zamonaviy voqeliklarga mos keladi va SHHTga a’zo davlatlarning jahon tartibotining asosiy masalalari bo‘yicha jamoaviy pozitsiyasini aks ettiradi. Ushbu modelda biror-bir davlat xavfsizligini mintaqa va hatto butun dunyo xavfsizligidan ajratib bo‘lmaydi.
Xavfsizlikning an’anaviy konsepsiyasi urushlar va inqiloblar davrida shakllangan bo‘lib, xavfsizlik muammolarini harbiy-diplomatik usulda hal qilib kelgan. Bu o‘yinda biror davlat g‘alaba qozonsa, ikkinchisi muqarrar ravishda mag‘lub bo‘lgan. Shu bois, harbiy ittifoqlar tuzilishi va ba’zi davlatlarning harbiy qudratini doimiy ravishda oshirib borishiga sabab bo‘lgan.
Yangi model o‘zaro bog‘liqlikning yuqori darajasiga ega bo‘lgan jahon tizimini shakllantirish sharoitida individual davlat xavfsizligi asta-sekin umuminsoniy xavfsizlikka yaqinlashib, xalqaro va global darajaga ega bo‘lishidan kelib chiqadi. Shu bilan birga, bizning davrimizdagi insonlar duch keladigan muammolarning aksariyati transchegaraviy xarakterga ega. Masalan, moliyaviy va energetik inqirozlar, atrof-muhitning ifloslanishi, terrorizm va yuqumli kasalliklar tarqalishi. Ularni xalqaro hamjamiyat a’zolarining qarama-qarshiliklari bilan emas, balki ko‘p tomonlama hamkorlik orqali hal qilish mumkin.
O‘zaro ishonch va tenglik «Shanxay ruhi» nazariyasining ajralmas elementlari sifatida xalqaro munosabatlarning yangi modelining jamlangan ifodasiga aylandi. Jahon tarixida ayrim davlatlar kuch ishlatish siyosatiga tayanib va o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda, boshqa davlatlarni ekspluatatsiya qilgani, ularga qarshi tajovuz qilgani, uzoq muddatli va qonli mojarolarni qo‘zg‘atgan holatlari bo‘lgan. Xalqaro munosabatlarning yangi konsepsiyasi uning ishtirokchilarining o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarga sodiqligiga asoslanadi. Uning o‘ziga xos xususiyati - bu davlatlararo nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish va qurolli bosim o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik. Ushbu modelda barcha mamlakatlar xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zolari bo‘lib, ularning hech biri xalqaro munosabatlarda maxsus, yuqori darajani talab qilishga, hukmron va gegemonlikka da’vo qilishga haqli emas.
SHHTning shakllanishi dastlab mamlakatlarimiz va xalqlarimizning tinchlik va barqarorlik tahdidlariga qarshi kurashish bilan birga manfaatli mintaqaviy hamkorlik qilish istagiga bog‘liq bo‘lgan. Boshqacha aytganda, Shanxay hamkorlik tashkiloti – o‘z a’zolarining zamonamizdagi muammolarga nisbatan jamoaviy javobidir. Bugun biz hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli SHHT makoni yirik xalqaro mojarolardan mustasno hudud deb bemalol ta’kidlay olamiz.
Dunyoda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalar xalqlarning bir-biriga yaqinlashishini taqozo etyapti. Ayonki, bunga madaniy-gumanitar aloqalarni, olimlar, mutaxassislar, jamoat tashkilotlari va oddiy kishilar o‘rtasida muloqot o‘rnatmay turib erishib bo‘lmaydi. Buning uchun turli festivallar, yarmarkalar, ko‘rgazmalar, tahliliy markazlar va ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim.
O‘zbekiston Prezidenti SHHT faoliyatidagi muvaffaqiyatlarning asosiy kafolati xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish, o‘zaro manfaatlarni inobatga olish, to‘la tenglik ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Bu maqsadlarga erishishning eng oson yo‘li esa xalq diplomatiyasidir.
Qobiljon Sobirov,
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi rahbari