Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning matbuotda chop etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasini o‘qib, mintaqalararo hamkorlik aloqalari yanada kengayishi, bu hamkorlik nafaqat SHHTga a’zo mamlakatlar, balki dunyodagi barcha davlatlar uchun foydali bo‘lib qolishiga ishonch hosil qildim. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi.
Aniq faktlarga asoslangan va sermazmun maqolada Tashkilotga raislik bizga har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar bergani qayd etilgan. Shuningdek, “Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas”, deyiladi davlatimiz rahbarining maqolasida. Zero, tarixdan ma’lumki, hech bir davlat hamkorlar va sheriklarsiz bebaho ne’mat – tinchlikni asrab-avaylashga to‘laqonli erisha olmaydi. Muhimi, turli kelishmovchilik va taloto‘plar avj olgan sayyoramizda, “global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligi ortib borayotgan, bioxilma-xillikka putur yetayotgan hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi” xalqlar uchun xavf-xatar solayotgan bugungi zamonda faqatgina birdamlik va hamjihatlik yordamidagina baxtli va farovon hayot kechirish mumkinligi, mavjud va endi paydo bo‘ladigan to‘siqlarni birgalikda yengib o‘tish imkoniyatlari tobora ayonlashib bormoqda. Shu jihatdan mazkur tashkilotning nufuzi va salmog‘i kun sayin ortib bormoqda.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik pandemiya tanaffusidan so‘ng SHHT mamlakatlari va xalqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zarur. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qaysi mamlakatga raxna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.
Maqolada yana bir muhim jihatga e’tibor qaratilgani ahamiyatlidir: Samarqandning shonli tarixiy merosi! Aslida ham, Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan bu qadimiy shahar ko‘p asrlar mobaynida Xitoydan Yevropagacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan. Binobarin, sammitning Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida ramziy ma’no bor. Prezidentimiz aytganidek, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi” ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.
Ta’kidlash kerak, o‘tgan yillar davomida SHHT maslahat mexanizmi formatidan keng qamrovli davlatlararo birlashma darajasigacha takomillashib, yuksalib bordi. Ayniqsa, O‘zbekistonning SHHTga raisligi davrida ezgu sa’y-harakatlarga erishilganini alohida e’tirof etish lozim. Shu ma’noda, Samarqandda Tashkilot faoliyatining yangi bosqichi boshlanishiga, mintaqalararo ishonchli hamkorlikning yangi amaliy ko‘rinishlariga start berilishiga ishonchimiz komil.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur keng miqyosli siyosiy tadbir davlatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, umumiy xavfsizlik va taraqqiyotni ta’minlash, barcha ustuvor sohalar bo‘yicha samarali hamkorlikni rivojlantirish borasida yangi sahifalar ochilishiga turtki bo‘ladi.
Azizaxon Rasulova,
Farg‘ona davlat universiteti
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
O‘zA