Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHT doirasida ta’lim va fan sohasidagi hamkorlik
12:50 / 2022-09-16

SHHT turli madaniy qarashlarga, o‘z tashqi siyosat ko‘rsatmalariga va milliy rivojlanish modellariga ega mamlakatlarni birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan noyob davlatlararo tuzilma hisoblanadi.

O‘tgan davr mobaynida Tashkilot uzoq yo‘lni bosib o‘tib, zamonaviy global siyosiy va iqtisodiy dunyo tartibining ajralmas elementiga aylandi. Mazkur platforma ishtirokchi davlatlarning turli sohalardagi manfaatlarini birlashtirishda o‘zini namoyon qildi. Jumladan, fan va ta’lim sohasida ham. SHHT Xartiyasining 3-moddasida fan va texnika, ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish Tashkilot doirasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatilgan. Binobarin, ta’lim va fan ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi muloqotning muhim bo‘g‘inidir.  

2015 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida bitim imzolandi. Unda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda ilmiy-texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Xususan, hayot fanlari, qishloq xo‘jaligi fanlari, nanosistemalar va materiallar, axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari, energiya va energiyani tejash, yer fanlari va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish belgilangan. Ushbu maqsad SHHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasida ham qayd etilgan. Unda ta’kidlanishicha, a’zo davlatlar fan-texnika, ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, jamoat birlashmalari va fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga intiladi.  

A’zo davlatlar ta’lim, ilmiy va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni ikki va ko‘p tomonlama formatda izchil kengaytirib, tomonlarni qiziqtirgan qo‘shma ilmiy dastur va loyihalarni amalga oshiradi. Fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik uchun SHHT inson kapitalidan, xususan, yoshlar tashabbuslaridan foydalanishni maqsad qilgan. 2009 yilda Tashkilotning Yoshlar kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. A’zo davlatlar yoshlari vakillari o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mazkur kengashning asosiy maqsadi hisoblanadi. Yoshlar kengashi tomonidan bir qator ilmiy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston raisligi davrida, joriy yilning avgust oyida “SHHT yozi” yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. 2022 yil 1 iyun kuni gibrid formatda birinchi “SHHT yoshlar ilmiy-texnik va innovatsion forumi – 2022” o‘tkazildi.  

Forum doirasida innovatsion iqtisodiyotda hamkorlikni takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning muhim masalalari muhokama qilindi. Tashkilot tarkibidagi SHHT universiteti faoliyatini ham alohida qayd etish lozim. 2008 yilda ushbu universitetni yaratish va faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Konsepsiya, 2017 yilda SHHT universitetini tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risidagi bitim imzolandi. bugungi kunda universitet a’zo davlatlarning bir nechta asosiy universitetlarini yetti mutaxassislik bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan kelishilgan o‘quv dasturi bilan birlashtiradi.  

SHHT universiteti tarkibiga tashkilotga a’zo davlatlardan 74 ta oliy ta’lim muassasasi kiradi. Umuman olganda, ta’lim va ilm-fan taraqqiyotning asosi ekanini ta’kidlash lozim, shu bois SHHT faoliyatida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik masalalari ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani bejiz emas.  


Abdulaziz Rasulev,  

Adliya vazirligi huzuridagi 

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, 

yuridik fanlari doktori, professor  

O‘zA.