Tyanszin sammiti yakunlari bo‘yicha SHHT yangi kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha hamkorlar qabul qilinishini e’lon qilishi mumkin, deb intervyu berdi “RIA Novosti”ga mazkur tuzilma bosh kotibi Nurlan Yermekbayev.
– Men kuzatuvchi yoki dialog bo‘yicha hamkor maqomini olish uchun ariza bergan davlatlar nomini hozircha ma’lum qilolmayman, -dedi u. – Shuni ta’kidlashni istardimki, bu arizalar a’zo davlatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va qabul qilingan qarorlar sammit yakunlari bo‘yicha e’lon qilinadi.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, kengayish SHHTning transmintaqaviy assotsiatsiya sifatida rivojlanishidagi mantiqiy jarayon hisoblanadi.
Shuningdek, u Afg‘oniston bilan hamkorlik masalasida ham to‘xtalib o‘tdi.

– Bizga ma’lumki, SHHTga a’zo barcha davlatlar Afg‘oniston hukumati bilan ikki tomonlama asosda hamkorlik qiladi, -dedi N.Yermekbayev. – Tashkilot bu o‘lkadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyat ijobiy tomonga yaxshilanmoqda, ammo gumanitar va ijtimoiy sohalarda, jumladan, ayollar huquqlari va terrorizmga qarshi kurashda muammolar saqlanib turibdi.
Ma’lumot o‘rnida: SHHT 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilot bo‘lib, uning tarkibiga Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston kiradi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka hisoblanadi.
M.Pirmatova, O‘zA