Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SHHT amaliyotida Yangi O‘zbekiston tashabbuslari: taraqqiyot, xavfsizlik va hamjihatlik sari
17:32 / 2025-09-04

Bugungi kunda SHHT Yevroosiyoning bepayon mintaqasidagi turli tarixiy va madaniy an’analarga, iqtisodiy taraqqiyot darajasiga ega davlatlarni birlashtirib, hamjihatlikda yashash va o‘zaro manfaatli hamkorlik g‘oyasining hayotiyligini namoyon etmoqda. Tuzilma tashkil topganidan buyon doimo o‘zaro ishonch va manfaat, sivilizatsiyalar xilma-xilligiga hurmat hamda hamkorlikda rivojlanishga intilishga asoslangan “Shanxay ruhi”ni ilgari surib keladi.

Ma’lumki, joriy yilning 31 avgust - 1 sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 25-yig‘ilishi hamda “SHHT plyus” formatidagi sammit bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘inlarda davlatimiz rahbari tashkilot doirasida va xalqaro miqyosdagi global masalalar yuzasidan bir qancha muhim taklif va tashabbuslarni o‘z ichiga olgan ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Prezidentimiz tomonidan Tyanszin sammitida bildirilgan yangi taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyatini ommalashtirish hamda keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida bugun “SHHT amalda: Yangi O‘zbekiston tashabbuslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda 20 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlarning vakillari, jumladan, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va qo‘mita xodimlari, 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov Prezident Sh.Mirziyoyevning SHHTning siyosiy asoslarini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslari mazmun-mohiyatiga, tashabbuslar avvalgi sammitlarda bildirilgan fikrlarning mantiqiy davomi ekanligiga qisqacha to‘xtalib, ularni keng jamoatchilik, soha mutaxassislari bilan muhokama qilish, amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilish zarurligini aytib o‘tdi.

[gallery-25169]

Soha mutaxassislari va olimlar tomonidan SHHT institutlari samaradorligini oshirish va uni Global Janub davlatlari hisobiga kengaytirish, yadro xavfsizligi bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish, Ichki ishlar vazirlari kengashi faoliyatini qayta tiklash, 2030 yilgacha giyohvandlikka qarshi kurash dasturini tayyorlash, “SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyatini faollashtirish, savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitimni imzolash, strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz, energetika konsorsiumi, venchur kompaniyalar va jamg‘armalar tarmog‘i hamda maxsus elektron investitsiya portalini tashkil etish, Shimol–Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishlarida transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi bilan uyg‘unlashtirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan SHHT mintaqaviy platformasini ishga tushirish kabi yangi taklif va tashabbuslar muhokama markazida bo‘ldi.

Tadbir doirasi madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish SHHT doirasidagi uzoq muddatli sheriklikning muhim omili ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan madaniy sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar – xalq ijodiyoti xalqaro festivalini o‘tkazish, “SHHT universiteti” onlayn kampusini tashkil etish, talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov hamda olimpiadalar o‘tkazish, shuningdek, “Sayyohlik yo‘lagi” va “Tibbiyot turizmi alyansi” loyihalarini amalga oshirish kabi masalalar SHHT doirasida do‘stlik va ahillikni mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Pyao Yanfan o‘zining onlayn videomurojaatida Xitoyda bo‘lib o‘tgan sammit tafsilotlariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan bildirilgan tashabbuslar SHHTni institutsional rivojlanishi uchun muhimligini, qolaversa, a’zo davlatlar manfaatiga ham birdek xizmat qilishi jihatidan “Shanxay ruhi” tamoyillariga to‘la mos kelishini qayd etdi.

Bilamizki, SHHTga a’zo mamlakatlar transport va logistika sohasida ham mamlakatimiz uchun asosiy hamkorlar hisoblanadi. Tashkilot hamkorlari bilan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tranzit salohiyatini kengaytirish va real sektorga investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda SHHT mamlakatlari kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan 7,500 dan ortiq kompaniya mavjud bo‘lib, bu mamlakatimizdagi barcha xorijiy korxonalarning yarmidan ortig‘ini tashkil etadi.

O‘zbekiston uchun SHHT nafaqat tashqi siyosat maydoni, balki milliy manfaatlarni amalga oshirish vositasidir. Mamlakatimizning mazkur tashkilotdagi ishtirokini tasodifiy tanlov sifatida baholash mumkin emas. Bu xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sish va barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan strategik qaror hisoblanadi.

Davra suhbati yakunida Tyanszin sammiti O‘zbekistonning mintaqaviy va global masalalardagi faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etganligi, O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro maydonda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘lkamiz nufuzining ortib borayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Tyanszin sammiti va uning doirasida Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan takliflar va g‘oyalar tashkilotning siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorligini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, ular nafaqat mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka, balki umumiy Yevroosiyo makonida uzoq muddatli tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘.Alimov, R.Nazarmatov (foto), O‘zA