English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sherzod Shermatov: Chet tilini yuqori darajada biladigan minglab yoshlarga ehtiyoj bor
14:14 / 2024-03-15

Tahlillarga ko‘ra, maktablardagi ta’lim sifati hali talab darajasiga chiqqani yo‘q. Masalan, 11-yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda.

Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammodir. Mazkur muammolarning oldini olish maqsadida xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish borasida bir qancha chora-tadbirlar belgilab berilgan.  

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda aksariyat yoshlarning ko‘pchiligida chetga ketib ishlash fikri o‘rnashib qolgani, ular o‘z Vatani, yaqinlari oldida turib ham daromad topish imkoniyatlari haqida hatto bexabar ekanini qayd etdi.  

– Bilasiz, bugun xorijiy til xalqaro sertifikatini olgan yoshlarning imtihon xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplab berilmoqda, – deydi Sherzod Shermatov. – Ingliz tilini biladiganlarga esa IT-sertifikat olish xarajatlari ham 100 foiz to‘lab beriladi. Afsuski, bu imkoniyatlardan foydalanayotgan yoshlar ko‘p emas. O‘zbekistonga chet elning yirik kompaniyalari kirib kelishi uchun barcha imkoniyatlar yaritilgan. Kompaniyalar yurtimizga kirishga qiziqish bildiryapti va kiryapti. Bugunning o‘zida ana shunday kompaniyalarda faoliyat yuritib, 4-5 ming AQSH dollari miqdorida maosh olayotgan yoshlarimiz bor. Chet mamlakatlarda ham  O‘zbekistonning  IT  imkoniyatlari  targ‘ib qilinmoqda. Ular yurtimizga kirib kelganidan so‘ng esa bizga chet tillarini mukammal biladigan yoshlar kerak. Ahamiyatli tomoni, IT eksporti kompaniyalarida ishlash uchun faqatgina dasturchi bo‘lish shartmas, boshqa ko‘plab masofadan ko‘rsatish mumkin bo‘lgan xizmatlar bor. Bu juda imkoniyati keng soha, ushbu kompaniyalarda ishlash uchun chet tilini bilish, biroz salohiyat va harakat kifoya.  

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bugunning o‘zida chet tilini yuqori darajada biladigan 10 ming nafar yoshga ehtiyoj bor. Yil oxirigacha bu ehtiyoj 70 mingdan oshishi kutilmoqda.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA