Sherzod oltin, Uljon bronza medali uchun tatamiga chiqadi
Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tayotgan XVII Paralimpiya o‘yinlarida para dzyudo bahslari davom etmoqda.
Unda hamyurtimiz Sherzod Namozov 60 kilogrammgacha vazn toifasida (J2) yarim final bosqichida Janubiy Koreya vakili Minjay Lini 10:0 hisobida yengib, finalga chiqdi.
Endi Sherzod Namozov ishtirokidagi final janggi bugun Toshkent vaqti bilan soat 19:00 dan keyin boshlanishi rejalashtirilgan. Hamyurtimiz oltin medal uchun gruziyalik Zurab Zuraianiga qarshi tatamiga chiqadi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida J1 klassida kurash olib borayotgan hamyurtimiz Uljon Amriyeva bronza medal uchun ukrainalik Anjela Xavrisyukga qarshi bahs olib boradi. Ushbu bahs bugun Toshkent vaqti bilan soat 19:00 dan keyin boshlanishi rejalashtirilgan.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA