Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov va boshqa mas’ullar Chilonzor tumanida faoliyat yurituvchi "Elrus" boshqaruv servis kompaniyasida bo‘ldi.
Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, kompaniyaning 24/7 ish rejimidagi dispetcherlik xizmati, moddiy-texnik bazasi, 28 turdagi qo‘shimcha xizmat turlari ko‘zdan kechirildi.
Bunday xizmatlar kompaniyaning moddiy ta’minotini yaxshilash bilan bir qatorda, aholiga qator qulayliklar yaratishi ta’kidlandi.

Vazir aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning murojaatlarini tezkor bartaraf yetishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berdi.
–Biz aholiga boshqaruv kompaniyalari nima ish qilishini tushuntirishimiz kerak. Uning o‘ziga xosliklari, imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumot berishimiz, amaliy ishlar bilan fuqarolarimizning og‘irini yengil qilish lozim. Shundagina ular islohotlarimizga ishonadi, – dedi Sherzod Hidoyatov.

Qisqa muddat ichida "Elrus" kompaniyasi ko‘p qavatli uylarning texnik holatini yaxshilab, kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirishga ulgurdi. Xususan, 1,7 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari hisobidan 18 ta ko‘p qavatli uy kapital,12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi, 10 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi mukammal, 25 tasiniki joriy, 56 ta kirish yo‘laklari ta’mirlandi.
Kompaniya tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ham sezilarli yutuqlarga erishib kelmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida "Mening uyim" billing tizimi orqali jami 970 million so‘m mablag‘ aylangan. Bu sohada shaffoflikni oshirishga xizmat qilib kelmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA