O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun bo‘lib o‘tgan brifingda o‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda Qalampir.uz sayti bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning sha’nini tahqirlash maqsadida tarqatilgan video haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Yaqinda yurtimiz jamoatchiligi, ayniqsa, jurnalistlar hamjamiyati orasida katta rezonans keltirib chiqargan bir voqea haqida bir necha so‘z aytmoqchiman. Gap, barchangizga ma’lum bo‘lganidek, Qalampir.uz sayti bosh muharriri o‘rinbosariga qarshi uyushtirilgan tazyiq haqida ketmoqda.
Inson sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazish, uni obro‘sizlantirish, tuhmatdan iborat “feyk”larni tarqatishda ifodalangan ushbu jirkanch holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, bunday xatti-harakat Prezidentimiz “Qo‘rqmanglar, ortingizda men turibman!” deb aytgan jurnalistlarga nisbatan sodir etilayotgani jiddiy tashvishga soladi.
Men yana bir bor ishontirib aytamanki, jurnalistlar va ularning professional faoliyati qonun himoyasida, Prezident matbuot kotibi sifatida mening va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining doimiy e’tiborimizda. Jurnalistga tazyiq ko‘rsatish holatlarini, ayniqsa, bunday xunuk urinishlarni Prezidentimiz shaxsan o‘zlari kafolatlayotgan so‘z erkinligiga tahdid sifatida qabul qilamiz.
Shu munosabat bilan huquq-tartibot organlarini tez fursatda ushbu holatni sinchkovlik bilan o‘rganishga, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rishga chaqiraman, - dedi Sherzod Asadov.
O‘zA