Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sheroz qal’a”ga “jon” kiradi
13:46 / 2026-01-17

Bulung‘ur tumanidagi “Sheroz qal’a” arxeologik yodgorligi negizida yangi turizm yo‘nalishi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi va Bulung‘ur tumani hokimligi sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilgan va ayni paytda arxeologik yodgorlik sifatida saqlanib qolgan “Sheroz qal’a” tepaligida qadimiy shaharcha ko‘rinishini yaratish va uni yangi sayyohlik yo‘nalishi sifatida taqdim etish ustida ish olib bormoqda. 

Loyiha doirasida “Sheroz qal’a” hududi tarixiy-me’moriy qiyofasini saqlagan holda restavratsiya qilinib, Amir Temur davri muhitini aks ettiruvchi ochiq osmon ostidagi tarixiy-madaniy majmuaga aylantiriladi. Qadimiy shaharcha konsepsiyasi asosida hududda o‘sha davrga xos me’moriy elementlar, savdo rastalari, hunarmandchilik ustaxonalari hamda tarixiy sahnalarni namoyish etish uchun maxsus maydonlar tashkil etiladi. Amir Temur davriga oid lashkarlar yurishi, xon qabuli, harbiy mashg‘ulotlar, saroy marosimlari kabi teatrlashtirilgan tomoshalar uyushtiriladi va sayyohlar uchun namoyish qilinadi. 

Bundan tashqari, arxeologik yodgorlik atrofidagi mahallada milliy uslubdagi mehmon uylari, an’anaviy taomlar taqdim etiladigan ovqatlanish shoxobchalari, hunarmandchilik mahsulotlari savdosi, folklor va madaniy dasturlarni namoyish etish uchun maydonlar barpo etilib, hududga “turizm” qishlog‘i maqomini berish ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi bilan “Sheroz qal’a” Samarqand viloyatidagi muhim turistik maskanlardan biriga aylanadi.

G‘.Hasanov, O‘zA