Termiz shahrida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!”, deb nomlangan bosh g‘oya asosida o‘tkazilgan “Navro‘z” umumxalq bayrami doirasida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida katta kurash musobaqasi tashkil etildi.
Milliy qadriyat va an’analarimiz keng namoyish etilgan bellashuvda voha Barchinoylari 63 va +63 kilogramm, Alpomishlar esa 66, 81 va mutlaq vazn toifasida gilamga tushdi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda 63 kilogramm va 63 kilogrammdan ortiq vazn toifalarida faxrli birinchi o‘rinni Termiz shahrilik Tillo Xonimqulova hamda Shohista Nazarovalar qo‘lga kiritdi.


Erkaklar o‘rtasida 66 kilogramm vazn toifasida birinchi o‘rin Denov tumanidan Sardor Xurramovga, 81 kilogramm vazn toifasida Termiz tumanilik Bobur Yangiboyevga nasib etdi. Mutlaq vazn toifasida birinchi o‘rinni viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi Shermuhammad Jangriyev, ikkinchi o‘rinni Sho‘rchi tumanidan Bekmurod Oltiboyevlar egalladi. Ikkita uchinchi o‘ringa sariosiyolik Muhsin Hisomiddinov va sherobodlik Muhammadkarim Xurramov sazovor bo‘ldi.
Musobaqa g‘oliblari qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri