French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sherobodda eng sara anorlar namoyish etiladi
13:59 / 2022-09-29

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joriy yilning 5 oktyabr kuni anor festivali o‘tkaziladi.

Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Jahon banki, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, vazirlik huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilayotgan festivalda “Mevalar qiroli” sifatida ta’riflanadigan anor navlari, mazali ta’mi hamda istiqbollari bilan yaqindan tanishish, uning shifobaxsh xususiyatlarini yanada chuqurroq bilib olish mumkin.

Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun Sherobod tumaniga press-tur tashkil etildi.

Sherobod tumani so‘nggi yillarda o‘zining quyosh nuriga to‘yingan anorlari bilan ham dunyoga tanilmoqda. Ayni paytda tumanda besh ming gektarga yaqin hosil berayotgan anorzor mavjud. Anor maydonlarining 700 gektardan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklariga, 3 ming 400 gektardan ziyodi aholi tomorqalari hamda tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirib, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilayotgan e’tibor anorchilikni ham serdaromad tarmoqqa aylantirib, sohaga aholi va tadbirkorlar qiziqishini yanada oshirmoqda. Buning natijasida anor bog‘lari yil sayin kengayib borayotir. Birgina o‘tgan yilning o‘zida tumanda 1 ming 200 gektardan ortiq maydonda yangi anorzorlar tashkil etilgan. Anor parvarishlash va mo‘l hosil olish uchun qulay iqlimga ega tumanda yetishtirilayotgan “Gulobi”, “Qozoqi”, “Toshqo‘rg‘on”, “Gayzara”, “Qora dona” kabi anor navlari uzoq muddat saqlanishi, shirinligi va vitaminlarga boyligi bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda. “Quva” navi ham sinovdan o‘tkazilib, mahalliy sharoitda yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramizda anorning 500 ga yaqin turi mavjud. Mamlakatimizda 30 turdan ortiq anor parvarishlanadi. Ayni paytda anor navlarini pasportlashtirish ishlari olib borilayotir. Hozirgacha to‘rtta navga pasport olindi.

Press-tur qatnashchilari dastlab tumandagi “Sherobod Anor Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, bu yerda anorni saralash va qayta ishlash texnologiyalari bilan tanishdi. Qiymati 1 million dollarlik zamonaviy texnologiya o‘rnatilgan korxona anorning ta’mini, rangini, og‘irligi va anor po‘stlog‘ining qalin yoki yupqaligini aniqlash hamda turlarga ajratilgach, eksportbop qilib qadoqlash dastgohlari bilan jihozlangan. Ikkinchi navga ajratilgan mevani qayta ishlab, tabiiy sok oladigan korxona, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlaydigan omborxona ham bunyod etilgan. Zamonaviy korxonada yuzga yaqin ish o‘rni yaratilgan.

–Slovakiya texnologiyasi bilan jihozlangan korxonamizda tabiiy anor sharbati 0,33 grammlik shisha idishlarga eksportbop qilib qadoqlanadi, – deydi korxona marketing bo‘limi boshlig‘i Abdulvoris Tohirov. – Idish qopqog‘i Xitoy bambuklaridan tayyorlangan. Eng muhimi anor mevasini qayta ishlab, sharbat olish jarayonida uning barcha foydali ozuqalari saqlanib qoladi. Korxonamizning dastlabki mahsulotlari Koreya va Rossiyaga eksport qilingan bo‘lsa, endilikda Yevropa bozoriga chiqish uchun ham tegishli sertifikat olindi. Yaqin kunlarda yangi hosilni qabul qilib, qayta ishlash boshlanadi.

Tumandagi “Sardorbek Sultonbek” anorchilik va chorvachilik mas’uliyati cheklangan jamiyati 43 gektar maydonda “Qozoqi” navli anor ko‘chatlarini parvarishlamoqda. Ikki yil avval ekilgan nihollar joriy yilda ilk hosil nishonlarini ko‘rsatdi. Tadbirkor Sanjarbek Allanazarov bog‘da parvarishlanayotgan anorning navi, ta’mi va hosildorligi haqida yetarli ma’lumot berdi. Majnuntol mahallasi hududidagi “Abdulazizov Ziyodullo Bahriddinovich” anorchilik fermer xo‘jaligining ikki gektar yer maydonida “Oqpar”, “Mayskiy” navli anor parvarishlanmoqda. Ko‘p yillik anorzorda hosil cho‘g‘i baland. Joriy yilda fermer mavjud bog‘dan 60 tonnadan ortiq sara meva olishni mo‘ljallamoqda.

Jurnalistlar xo‘jalik anorzori bilan tanishib, mevalarning ta’mini totib ko‘rdi. Bog‘bonlar bilan dildan suhbatlashib, anor parvarishlash sir asrorlari bilan qiziqdi.

– Festival mamlakatimiz anor yetishtiruvchi tadbirkorlar va bog‘bonlarni birlashtirib, o‘zaro tajriba almashishi uchun keng imkoniyat yaratadi, – deydi O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi raisi Mastura Sayfitdinova. – Shuningdek, dunyoda sohada yuz berayotgan yangiliklar hamda O‘zbekistonda anorchilik istiqbollari bilan tanishadi. Buning uchun festival doirasida seminar tashkil etish rejalashtirilgan. Unda xorijlik mehmonlar ham ishtirok etadi. Tajribali olimlarning qiziqarli ma’ruzalari tinglanadi. Festivalda mamlakatimiz anor yetishtiruvchilari o‘z mahsulotlari namunalari ko‘rgazmasini tashkil etadi. “Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor”, “Eng mazali anor sharbati”, “Eng chiroyli tozalangan anor” kabi nominatsiyalar g‘oliblari aniqlanib, munosib rag‘batlantiriladi.

Press-turda viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Zebiniso Alimardonova anorchilik yetakchi tarmoqlardan biriga aylanayotgan tumanda agroturizmni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Ilk marta o‘tkazilayotgan festivalning kelgusida bu yerda yetishtirilayotgan “Mevalar qiroli”ning dunyo bozorlarini yanada keng zabt etishdagi ahamiyati haqida fikr almashdi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA