Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sherobodda 70 nafar ishchi-xodimning ish haqi undirib berildi
16:23 / 2025-11-20

MIB Surxondaryo viloyati Sherobod tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilingan ijro hujjatlaridan birida tumandagi “Sherobod tekstil invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati 70 nafar ishchi xodimning 162 million 681 ming so‘m miqdoridagi ish haqini o‘z vaqtida to‘lab bermagani qayd etilgan edi.

Mazkur hujjatni ish yurituvga qabul qilgan davlat ijrochilari belgilangan tartibda majburiy ijro harakatlarini amalga oshirib, qarzdor korxonaning barcha bank hisob raqamlariga band soldi. Shuningdek, qarzdorga tegishli ko‘chmas mulk, bitta yengil avtotransport hamda ikkita maxsus texnika vositasiga nisbatan taqiq qo‘yildi.

– Bosh qomusimizda har bir xodimning mehnati uchun kamsitishlarsiz va adolatli sharoitlarda haq olish huquqi belgilangan, – deydi MIB viloyat boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov. – Biroq amaliyotda ish beruvchi tomonidan belgilangan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanmaslik holatlari ham uchrab turadi. Ayniqsa, ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilangan ish haqini o‘z vaqtida to‘lamagan taqdirda bu ishchi-xodimning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. “Sherobod tekstil invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan ham ana shunday holat yuz berdi.

Davlat ijrochilarining sa’y-harakatlari bilan qarzdor korxonaning oylik maoshlarini o‘z vaqtida ololmagan 70 nafar ishchi-xodimga sudning tegishli ijro hujjati asosida ish haqi to‘liq undirib berildi.

Ergash Begimqulov korxonada iqtisodchi vazifasida ishlagan. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq belgilangan bir necha oylik ish haqi to‘lab berilmagan.  

– Sudning tegishli hujjatiga asosan davlat ijrochilarining aralashuvi bilan adolat qaror topdi, – deydi E.Begimqulov. – To‘lanmagan mehnat haqimizni to‘liq oldik. Halol mehnatimiz evaziga hisoblangan oylik maoshlarimiz, ya’ni oilalarimiz rizqini undirib bergan xodimlardan minnatdormiz.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri