Taniqli publitsist, ustoz jurnalist va adib Ahmadjon Meliboyevning yangi kitobi ana shunday deb nomlanadi.
Kitob atoqli shoir Azim Suyunga bag‘ishlanadi.
Adabiy asar tahlilchilari, olimlar, mutaxassislar shaxsiyati va ijodi o‘zga-o‘zga olam bo‘lgan shoir, yozuvchilar borligi va ular ko‘pligi haqida bearmon yozishadi.
Xo‘sh, nega?
Yozgan asarida ijodkorning o‘zi ko‘rinib turish-turmasligi nimadan dalolat beradi? Qachon badiiy asar ko‘ngillardan joy oladi va qay holatda kitobxon o‘rtada masofa borligini, begonalikni his etadi?
Asarlari, jumladan she’rlari ruhida muallifning siyrati hazrati Alining Zulfiqoridek toblanib turishi uning asl qiymatini belgilaydi. Bu – bor gap.
So‘zi va o‘zi bir bo‘lgan adib, shoirlar haqida gap ketganda, shubhasiz, Azim Suyun ham tilga olinadi. Shoirning qalb po‘rtanalari, ko‘ngil tug‘yonlari, hayajon va hissiyotlari to‘laligicha she’rlariga ham ko‘chgan. She’r, dostonlarini o‘qiganda ko‘nglingizga anchayin yaqin bo‘lib qolgan ovozni payqaysiz, uni kimnidir ovozi bilan adashtirish mumkin emas.
“She’rlari o‘ziga o‘xshamagan shoir” kitobida muallif Ahmadjon Meliboyev Azim Suyun hayoti, ijodining o‘quvchiga ma’lum, noma’lum jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tadi. Kitob ma’lum ma’noda Azim Suyun olamiga kirish uchun kalit vazifasini o‘taydi. Bir lavha:
“Besh-olti yil avval biz bilan Do‘rmonda bir mahalla bo‘lib yashagan marhum Usmonxon muftiy hazratlarining yosh farzandi olamdan o‘tib qoldi. Qo‘shnilar – men, Azim Suyun, Tursun Ali, Qo‘chqor Norqobil Poyariqqa bordik, janozaga qatnashdik. Qaytishda Azimboy Nakurt orqali yuramiz deb qoldi. Balandlikka ko‘tarilib, bir ikki joydagi qaltis burilishlardan yuragimizni hovuchlab o‘tdik. Qo‘chqorning xizmat mashinasidamiz. Tursun Ali gazni ayamay bosadi.
Bir joyda Azimboyning ishorasi bilan to‘xtadik. “Ko‘ringlar, havas qilinglar, - deya hayqirdi u, - Mana shu tog‘lar bag‘rida o‘sganman. Shu tog‘larda bobolarimizning izi bor, otamning nafasi, onamning allalari qolgan. Ho‘ tepalikdagi buloqdan suv simirib katta bo‘lganman. Xarsangtoshlarni qarang, osmonga qarang – bunaqasini boshqa hech joyda topib bo‘psiz, ko‘rib bo‘psiz. Yana ozroq yursak, Nakurtga yetamiz. Jonim Nakurtga. Toshkentda yurib tashna bo‘lib ketganman-da. Sizlar bilmaysizlar. Shu yerda odamlar yashaydi, tosh o‘choqda taom tayyorlaydi, suv tashiydi, devorga tappi yopadi. Yer ko‘p, suv tanqis, jilg‘alar pastdan oqib o‘tadi. “Eh, deyman-da...”
Shu joyda Azimning ko‘zlarida yosh ko‘rganman...”
Muallif – Ahmadjon Meliboyevning do‘sti haqidagi so‘nggi so‘zlarini o‘qib ham ko‘ngil qalqib ketadi...
Shuningdek, kitobdan atoqli so‘z zargarining qayirmalari, she’rlari, zamondoshlar e’tirofi va hikmatlari ham joy olgan.
“She’rlari o‘ziga o‘xshagan shoir”ni o‘qing...
Alisher Narzullo, O‘zA