French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
She’riyat va jurnalistika orasidagi umr
14:45 / 2025-09-17

Nadimiy avlodi Zuhra Aliyeva bilan suhbat

Ijod va mehnatni uyg‘un olib borish, she’riyat bilan jurnalistikani chambarchas bog‘lab yashash oson emas. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, “Quva hayoti” gazetasi bosh muharriri, shoira Zuhra Aliyeva bilan vodiydagi adabiy muhit, yosh ijodkorlar haqidagi mulohazalar hamda shaxsiy xotiralari xususida samimiy suhbat qurdik.

—Zuhra opa, suhbatimizni bugungi kunda vodiydagi ijodiy muhit haqidagi kuzatish hamda mulohazalaringiz bilan boshlasak. Bugun vodiydagi adabiy muhit qanday? Yoshlar she’r yozyaptimi, she’r tinglashyaptimi?

— Vodiydagi ijodiy muhitga bo‘lgan kuzatishlarim bitta suhbatga sig‘maydi. Sababi, Farg‘onada katta ustoz ijodkorlar yashagan.  O‘zbekistonga mashhur yozuvchilar, buyuk allomalar yurti Farg‘onada bugungi adabiy muhit yanada rivojlangan. Ayniqsa, Prezidentimizning ijodkorlarga bo‘lgan e’tibori, 2017 yil 3 avgustdagi ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ko‘rsatgan rag‘batlari tufayli shoir va yozuvchilar zavq bilan ijod qilishyapti.

Bugungi kunda vodiyda yaxshi bir an’ana yo‘lga qo‘yildi — Andijon, Farg‘ona, namanganlik ijodkorlar har oyda bir marta to‘planib, “Dilkash davralar” degan ijodiy suhbatni tashkil qilishyapti. Bu suhbat dam Andijon, Farg‘onada, dam Namanganda davom etyapti. 

Yaqindagina rishtonlik mashhur usta kulol Tohir Haydarovning ustaxonasida uchrashib, she’rxonlik qildik, kitoblar taqdimotini o‘tkazdik. Yosh ijodkorlarning yangi chop etilgan kitoblariga fikrlarimizni bildirdik.

An’analar davom etib, oktyabr oyining birinchi o‘n kunligida Farg‘onada katta adabiy bayram bo‘lib o‘tadi. Bu bayramda viloyatlardan, qolaversa, poytaxtlik taniqli ijodkorlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Adabiy bayram davomida Muqimiy domlaning 170 yilligi, Ho‘qandiyning 170 yilligi, Zoxiriyning 340, Charxiyning 125 yilligi keng nishonlanadi. Shuningdek, ustozimiz Oxunjon Hakimov va Yo‘ldosh Sulaymonning 90 yilliklari, A’zam O‘ktamning 65 yilligi, G‘ulom Fatxiddinning 70 yilligi ham nishonlanadi. Ularning xotiralari yodga olinadi.

Zamondoshimiz, hassos shoira Maqsuda Egamberdiyevaning ham 70 yilligi shu kunlarda nishonlanadi. Taniqli shoira Malika Mirzo, ustozimiz  Yo‘ldosh Solijonovning 85 yillik yubileylari munosabati bilan ularning “Farg‘ona adiblari” hamda “Hayot bizni kuzatar” nomli kitoblari uyushma homiyligida chop etildi. 

Yoshlar masalasiga kelsak, bugun ular ijodda juda faol. Shogirdlarimning she’rlarini o‘qib quvonaman. Ularning she’riy ruhi juda go‘zal, ovozlari baland. Yaqinda ularning ijod namunalari kiritilgan “Bolalar adabiyoti antologiyasi” nomli kitobning chop etilishi ham fikrimizning isbotidir.

Albatta, bularning barchasi yoshlarning she’r o‘qiyotgani, yozayotgani va tinglayotganining mahsuli, deb bilaman.

Birgina misol, Quva tumanida shoir Nadimiy bobomiz nomidagi adabiy-ijodiy to‘garak bor. Unda 50 nafarga yaqin yosh ijodkorlar ijod sir-asrorlarini o‘rganishadi, bir-birlari bilan tajriba almashishadi. Shuningdek, Marg‘ilonda “Uvaysiy”, Uchko‘prikda “Haziniy”, viloyat yozuvchilar uyushmasi qoshida “Oltin qalam” ijodiy to‘garaklari faoliyat olib boryapti. Ushbu to‘garaklarga qatnashgan ijodkorlar o‘zlarining adabiyotdagi o‘rnini topishga intilishyapti. Ularga tajribali, salohiyatli ustozlar bilim berib kelyapti. Yoshlarimizdan xursandman. Bu yil Zominda bo‘lib o‘tgan mushoirada 7 nafar farg‘onalik yoshlarimiz ishtirok etib, eng yuqori natijalarga erishdi. Ularning ijodlari respublika miqyosidagi ustozlar e’tirofiga sazovor bo‘layotgani ham juda quvonchli.

— O‘zingiz vodiyning ko‘zga ko‘ringan ijodkori sifati she’riyatdagi mas’uliyatingizni qanday his qilasiz?

—Mening  she’riyatga bo‘lgan mas’uliyatim haqida gapiradigan bo‘lsam, avvalo, she’rga ishqingiz tushib qoldimi, usiz yasholmaysiz. Ayni damda jurnalistika sohasida ham faoliyat yuritib, Quva tumani hokimligi gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlayapman. Bilasiz, jurnalist sifatida asosiy vaqtimiz gazeta sahifalarini boyitish, maqola va ocherklar tayyorlab, qaynoq xabarlarni chop etishga ketadi. Tuman hokimligi gazetasi bo‘lgani sababli barcha sohalarni qamrab olib, yoritishga harakat qilamiz. Lekin she’riyatni tashlab qo‘yishni gunoh deb bilaman.

 Ko‘plab she’rlarim qo‘shiq bo‘lib, respublikamizdagi taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etildi. Shu kungacha “Onam yurgan ko‘chalar”, “Shamollar qanotidagi gul”, “Qismat” (qissa va hikoyalar), “Mehrni sog‘inib” kabi she’riy to‘plamlarim chop etildi. Yana ko‘plab almanaxlarda, respublika miqyosidagi jurnal hamda gazetalarda ijod namunalarim chop etilib turadi. Bu ijodiy yutuqlarim, she’riyatga befarq bo‘lmaganimning natijasi bo‘lsa kerak.

— Har bir ijodkor poytaxtda yashab, ijod qilishni istaydi. Sizda ham shunday istak yoki intilish bo‘lganmi? O‘zi aslida ijodkor tanilishi uchun joy hamda makonning ahamiyati qay darajada?

—Savolingiz o‘rinli. Har bir ijodkor poytaxtda yashab, ijod qilishni istaydi.  Bu istak menda ham bo‘lgan. Taqdir taqozosi bilan poytaxtga kelolmaganman. Ko‘plab ijodkor tengdoshlarim poytaxtga kelib, ijod qilishni boshlaganlarida, ustozimiz Tursunoy Sodiqova “Sen Toshkentda yashab, ijod qilishing kerak”, deb chorlagan paytlari bo‘lgan.

 Lekin men yolg‘iz farzand bo‘lganim sababli onamni, Quvani tashlab poytaxtga kelolmaganman. Bundan sirayam afsuslanmayman. Taniqli bo‘lish uchun poytaxtda yashash shart, deb o‘ylamayman. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosiman. Ayniqsa, hech esimdan chiqmaydigan bir voqea — 2019 yilning 7 mart kuni Prezidentimiz uzoq yillik mehnatlarimni qadrlab, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirladilar. Demoqchimanki, ijodkorga yashab turgan joyi muhim emas. Uning ijodi, xalqning til uchida turgan gapni topib aytishi muhim, deb o‘ylayman.

— Ijodkorni yuqoriga parvoz qildiradigan, elga tanitadigan –uning ilhom parisi. Ilhomsiz she’rlar shoirni qanday ahvolga soladi?

— Ilhomsiz she’r yozish mumkinmikan? Avvalo, odam yozgan she’ridan o‘zi ta’sirlanishi kerak shekilli. O‘ziga yoqmagan she’rni elga taqdim qilish qiyin. Oxirgi paytlarda kim xohlasa, kitob chiqarib qo‘yayotgan holatlar ham kuzatilyapti. Lekin savol tug‘iladi: ularni kim o‘qiyapti? Kitob do‘konlarida sotilmay qolib ketmayaptimi? 

Shuning uchun ham she’r yurakdan chiqmasa, shoir tarixni ham, bugunni ham his qilmasa, u haqiqiy ijod emas. Ilhom kelib yozilgan she’r butunlay boshqacha bo‘ladi. Qo‘lingizga qalam olib, “hozir she’r yozaman”, desangiz, o‘z-o‘zidan yozilib qolmaydi. Ilhomsiz she’rni, men she’r deb hisoblamayman.

—Siz buyuk shoir, jadid bobomiz Tursunali Qalandar hoji o‘g‘li Nadimiyning nabirasisiz. U kishining hayoti va ijodi haqida bolaligingizdan qanday xotiralar eshitib o‘sgansiz?

— Tursunali Qalandar hoji o‘g‘li Nadimiyning nabirasi bo‘lish men uchun g‘oyat faxrli. Nadimiy domla 1883 yili Farg‘ona viloyati, Quva tumani, Mozortagi qishlog‘ida tug‘ilgan. U hassos shoir, zo‘r xattot va mudarris bo‘lgan. U kishining besh nafar farzandlaridan ko‘plab nabiralari bor. Ne baxtki, Nadimiy domlaning qalamlari menga meros bo‘lib qolgan. 

1937 yil qatag‘on davrida ko‘plab ma’rifatparvarlar kabi Nadimiy domlani ham avgust oyida uyidan olib, kitoblar va she’rlarini “ashyoviy dalil” sifatida yig‘ib, olib ketishgan. Bir oydan keyin esa Andijonda yana to‘qqiz kishi bilan birga qatl qilingan, degan xabar tarqalgan ekan.

Bu haqdagi xotiralarni onam Saodatxon Tursunali qizidan, momom Ibodatxon otin, tog‘alarim Muhammad Vali, Yunusali, Rahimaxon va Momoxon xolamdan eshitganman. Shu xotiralar asosida “Nadimiy kim edi?” degan esdalik kitobini tayyorlab qo‘ydim. Imkon bo‘lsa, uni albatta, chop ettirmoqchiman.

Nadimiy domla she’r bilan nafas olarkan. Navoiy, Bedil, Fuzuliy g‘azallarini yoddan bilgan, ovozlari ham juda shirali bo‘lgan. U kishi hech qachon faqat o‘tirib yozmas, yo‘lda, hayot manzaralarini kuzatish asnosida birdaniga g‘azallar bitib qo‘yaverar ekanlar. Masalan, oy yuzini bulut qoplaganini ko‘rib, “Oy jamolin ko‘rgali mushtoq bo‘ldim man g‘arib”... kabi satrlar darrov dunyoga kelarkan. Shunday tezkor va hozirjavob shoir bo‘lganlar.

— Nadimiy domlaning merosi vodiy yoshlari uchun qay darajada ibratli, deb o‘ylaysiz?

— Nadimiy domlaning merosi vodiy yoshlari uchun bebaho. Ko‘p asarlari saqlanmagan bo‘lsa-da, turkum g‘azallari, to‘rtliklari va dastxatlari bizga yetib kelgan. Yaqinda domlaning 140 yilligini Quvada katta adabiy kecha tarzida  nishonladik. Unda taniqli shoir va ijodkorlar qatnashdi. Xalqqa Nadimiyning kimligini tanitish maqsadida hayotiga doir sahna ko‘rinishlari taqdim etildi, g‘azallari yoshlar tomonidan ifodali o‘qildi. Endi asosiy vazifa shoirning kitobini chop ettirish. Shunda xalq Nadimiyni yanada yaqindan taniydi. 

— Nadimiy domlaning ijodida siz uchun eng ta’sirli misra yoki g‘oyalar qaysi?

—Nadimiy domlaning g‘azallari lirik g‘azallar. Muhabbat, odamiylik, mehr haqida. Yana yoshlarga ma’rifat tarqatish, ularni ilmga da’vat qilish maqsadida yozgan g‘azallari ko‘p. Aytaylik, Nadimiy domlaning bir g‘azallari bor: 

Jahon oyinasini istar ersang kel, g‘azalxon bo‘l.

Talab xotirda bo‘lsa, taxti ko‘ngul uzra sulton bo‘l. 

 G‘azalxonlik faqiru podshoga dil nasibidur,

Munosibmu bo‘lib inson, tavorihlarga nodon bo‘l.

Nadimiyning nabirasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ubaydulla Aliyev tomonidan “Istamas” radifli g‘azali qo‘shiq qilingan. Ana shu qo‘shiq she’rini ham men juda yaxshi ko‘raman. U kishining ko‘rganlari katta bir tarix, katta bir asarga loyiq voqealar. Nadimiyning g‘azallarini ustozimiz Abdulla Oripovga ko‘rsatganimda, “Bu javohirlarni nega e’lon qilmayapsiz?  Sizga yana qanaqa tadqiqotchi kerak, o‘zingiz hamma narsani tushunasiz-ku”, degan so‘zlari hech yodimdan chiqmaydi. O‘sha paytda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining Bosh muharriri Sa’dulla Hakimga telefon qilib, “Nadimiy domlaning g‘azallarini chop ettiraylik”, deb aytgan edilar. Men g‘azallarni tahririyatga olib borganman va ko‘p o‘tmay gazetada chop etilgan. 

Nadimiy domlaning juda katta o‘rganishga loyiq merosi bor. Hozir Farg‘ona davlat universiteti talabalari domlaning ijodini o‘rganib, ilmiy maqolalar yozishyapti. Menimcha, bu ham Nadimiy bobomizning ijodini keng o‘rganishda o‘z samarasini beradi. Shu o‘rinda bobomizning g‘azallaridan birini o‘quvchilarga havola etgim keldi.

Hamdami jonu dilim man benavoni istamas,

Har shahi oliy hizr birla gadoni istamas.

 

Inson elin kim erur mardona bilmang, do‘stlar,

Zahri g‘amni no‘sh etib, bag‘ri adoni istamas.

 

Insu jinsmu deb gumon etgay muhabbatsiz kishi,

Dunyoda guldek ochilg‘on mahliqoni istamas.

 

Jam’ xotir bo‘lsa har kim, bo‘lg‘usi ko‘ngul butun,

Xotiri oshufta dil bir muddaoni istamas.

 

Kuhi matlab gardidin keltursa gar bodi sabo,

Surma o‘rnig‘a surib ko‘z to‘tiyoni istamas.

 

Oshiqi sodiqni ko‘ngli dog‘i ishq etsa agar,

Bir xudodin o‘zga odil bir guvohni istamas. 

 

Bahrasiz bo‘lg‘on vujudi kasbi ilmu harfidin,

Suhbati dono ila aqli rasoni istamas.

 

Xotirining ixtiyori bandasida bo‘lsa gar,

Yor etib jonig‘a ul har bevafoni istamas.

 

Kim jahonning bevafo ahlini qildim imtihon,

Bu Nadimiydek g‘arib, sohib duoni istamas.

 

O‘zA muxbiri 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi.